
G'ilon qishlog'i: vaqt to'xtab qolgan manzil

G‘ilon qishlog‘i men uchun — yer yuzidagi eng hayratlanarli go‘sha. Ming yillik an’analar, qadriyat va afsonalar posboni bo‘lgan samimiy insonlar, Hisor tog‘larining betakror tarovati, o‘ziga xos me’morchilik, musaffo havo va tabiiy ne’matlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Men G‘ilonni fotosuratchilar, rassomlar va barcha ijodkorlar uchun yer yuzidagi haqiqiy jannat deb bilaman... Har gal bu yerdan ketayotganimda qalbimning bir parchasini shu yerda qoldirib ketaman.
Dengiz sathidan 2800 metr balandlikda yashirinib yotgan G‘ilon — mamlakatdagi eng ekzotik va baland tog‘li qishloqlardan biridir. U Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida, Shahrisabzdan 80 kilometr uzoqlikda, Tojikiston bilan chegaradosh hududda joy olgan. Bu yerga go‘zal, ammo murakkab tuproq yo‘llar va mahobatli Hisor dovoni orqali yetib kelish mumkin. G‘ilonni balandligi 4000 metrdan oshadigan ulug‘vor tog‘lar qurshab olgan bo‘lib, ular hududda betakror landshaft va o‘zgacha muhit yaratadi.
Qishloq me’morchiligi O‘zbekistonning boshqa hududlari uchun biroz g‘ayritabiiy. Uylar shunday qurilganki, ikkinchi qavat yashash uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, birinchi qavatda chorva mollari saqlanadi. Bunday qurilish uslubini Tibet va Nepalning baland tog‘li mintaqalarida ham uchratish mumkin. Qishloqning tor ko‘chalari va undagi hayot maromi bu yerda vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek taassurot uyg‘otadi. Mahalliy aholi o‘z salomatligi va baquvvatligi bilan faxrlanadi: hatto COVID-19 pandemiyasi davrida ham G‘ilonda birorta kasallanish holati qayd etilmagan.
Besh mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan bu qishloq madaniyatida qadimiy urf-odat va an’analar hamon saqlanib qolgan. Ayrim tarixchilarning taxminiga ko‘ra, g‘ilonliklar Aleksandr Makedonskiy qo‘shinlarining avlodlaridir. Mahalliy aholining yashil ko‘zlari va boy madaniy merosi bu farazni go‘yo tasdiqlab turadi. Bu yerda asosan tojik va o‘zbek tillarida so‘zlashishadi.
G‘ilonliklarning uzoq umr ko‘rish siri musaffo tog‘ havosi va tabiiy ozuqadadir. Qishloqda o‘rtacha umr davomiyligi 93 yoshni tashkil etadi, biroq 100 yoshdan oshgan qariyalarni ham uchratish mumkin. Mahalliy aholi faol turmush tarzini olib boradi, shu sababli ularda ortiqcha vazn muammosi uchramaydi. Ular Sovet davrida ishlab chiqarilgan mototsikllar, «Niva» yo‘ltanlamaslari va ekologik toza transport — eshaklardan foydalanishadi.
G‘ilon atrofidagi relyef ancha murakkab: bu yerda dehqonchilik qilish uchun tekis yerning o‘zi yo‘q. Shu bois dehqonlar kartoshka dalalarini ba’zan 40 darajali tik qiyaliklarda barpo etishadi. Bu dalalardan olingan kartoshka butun O‘zbekistonda mashhur bo‘lib, mahalliy oshxonada, hattoki shirinliklar tayyorlashda ham keng ishlatiladi. Asosiy mehnat quroli — bir juft ho‘kiz yoki eshak qo‘shilgan oddiy omochdir. Qishloqdagi mevali bog‘larning esa tarifi bo‘lak! Aholi tog‘ yonbag‘irlari bo‘ylab o‘nlab kilometrlarga cho‘zilgan murakkab irrigatsiya tarmog‘i bilan haqli ravishda faxrlanadi.
G‘ilon o‘zining tarixiy tegirmonlari bilan ham mashhur: bu yerda ham zamonaviy Xitoy texnologiyalari asosida oq un chiqaradigan, ham avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadimiy tegirmonlar ishlab turibdi. Qadimiy tegirmonlarda tortilgan un dag‘al bo‘lsa-da, undan yopilgan nonning mazasi butunlay boshqacha. Tegirmon uchun bug‘doy ham aynan shu tog‘ qiyaliklarida yetishtiriladi.
Qishloq elektr energiyasi bilan ta’minlangan, suv esa tog‘ buloqlaridan keladigan maxsus tizim orqali yetkaziladi. Ovqat pishirish uchun keltirilgan tabiiy gazdan foydalaniladi, qishda esa uylar tog‘dan yig‘ilgan o‘tinlar yoki tezak (quritilgan go‘ng) bilan isitiladi.
Qishloq madaniyati betakror: bu yerdagi bolalar ertaklardan ko‘ra, ulkan toshlarni ko‘tarib, dovonlar osha eshaklarda safar qilgan afsonaviy pahlavonlar haqidagi rivoyatlarni tinglashni xush ko‘radilar. Ikkinchi jahon urushi yillarida G‘ilondan 350 ga yaqin erkak frontga ketgan va ularning aksariyati qaytib kelmagan.
G‘ilon qishlog‘i — tarix va tabiat uyg‘unlashgan mo‘jizaviy manzirdir. U O‘zbekistonning an’analari va boy madaniy merosi ruhini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, sayyohlarga unutilmas taassurotlar va ulug‘vor tog‘lar bag‘ridagi qadimiy hayot tarzi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini taqdim etadi.




