
Surxondaryo: afsonalar jonlanadigan o'lka

Ko‘rsatilgan homiylik va tashkiliy ko‘mak uchun Surxondaryo viloyati hokimligi va viloyat Turizm boshqarmasi vakillariga, shuningdek, Leica fototexnika brendiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Tojikiston, Afg‘oniston va Turkmaniston bilan tutashgan Surxondaryo viloyati shunchaki xaritadagi jug‘rofiy nuqta emas, u haqiqiy sivilizatsiyalar beshigidir. Mintaqa tarixi asrlar qa’riga — Iskandar Zulqarnayn davriga, zardushtiylik va islom dinining ilk davrlariga borib taqaladi. Surxondaryo ko‘plab qadimiy madaniyatlar chorrahasi va ular o‘zaro uyg‘unlashgan makonga aylangan.
Bu yerning amaliy-bezak san’ati ham g‘oyat xilma-xildir. Milliy liboslar, ayniqsa ayollar kiyimlari o‘zining yorqinligi va betakrorligi bilan ajralib turadi. Ko‘p qatlamli, xonatlas yoki nafis paxtadan yaxlit bichilgan keng ko‘ylaklar diqqatga sazovor. Matolardagi oxra va karmin ranglarining uyg‘unligi go‘yo mo‘yqalamda chizilgan akvarel tasvirini eslatadi, liboslar ko‘pincha munchoqlar bilan bezatilgan. Qishloq va tog‘li ovullarda yashovchi ayollar hamon kiyim-kechak tayyorlashning qadimiy sirlarini ehtiyotkorlik bilan saqlab kelmoqdalar.
Surxondaryo milliy ayollar libosining go‘zalligi va o‘ziga xosligidan ilhomlangan holda, HILL jamoasi an’anaviy kiyimlardagi o‘lka go‘zallari obrazlari turkumini yaratdi. Tasvirga olish jarayonlarida milliy marosimlar va raqs elementlaridan foydalanildi.
Ushbu sonda sizni oilaga yangi qadam qo‘ygan kelin sharafiga o‘tkaziladigan «Kelin salom» marosimi bilan tanishtiramiz, Boysun hovlilaridagi latofatli qiz obrazi haqida so‘z yuritamiz hamda purviqor tepaliklar va quyosh nuri bilan yo‘g‘rilgan dasht kengliklari fonida an’anaviy raqs va o‘yinlarni namoyish etamiz.




