Jentlmen: zamonaviy erkaklar modasi tendensiyalari

Jentlmen: zamonaviy erkaklar modasi tendensiyalari
Vinsent Kassel Arena Homme+ jurnali uchun, foto: Arno Lajeni

MODA, OH MODA!

Uyda hamma narsa chalkashib ketdi... Yo'q, Oblonskiy uyida emas! Modadagi gender rollari chalkashib emas, aralashib ketdi, endi xonimlar ham, janoblar ham «gender neytral» garderobdan foydalanishlari mumkin.

Dizaynerlar ham katta o‘zgarishlar girdobiga sho‘ng‘iganlar. Erkaklar va ayollar kiyimi elementlari bir-biri bilan uyg‘unlashgan kolleksiyalar buning isbotidir. Taqdimot formatlari ham mutlaqo yangicha tus oldi.

Moda shaydolari o‘zligini namoyon etishda tobora ko'proq mahorat ko‘rsatmoqdalar, zamonaviy modelerlar esa o‘zlarining ekstravagant asarlari bilan ularni yanada ilhomlantirmoqdalar.

Bugungi jamiyat va moda olamida "yangi maskulinlik" (fransuzcha masculin — erkaklarga xos, mardona) tendensiyasi paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalish erkak kishi qanday ko‘rinishi kerakligi haqidagi an’anaviy qarashlarni qayta ko‘rib chiqishni taklif etadi. "Yangi maskulinlik" kuchli jins vakillariga xos mardonalik chegaralarini tobora xiralashtirib, moda olamida o‘ziga xos yangilik sifatida qabul qilinmoqda.

Modani qattiq hukm qilmang, u o‘tmishdagi urflarni tezda unutadi. Garchi... aslida yangi narsaning o‘zi yo‘q, u shunchaki unutilgan eskirgan uslubdir.

Jentlmen: zamonaviy erkaklar modasi tendensiyalari
Bill Skarsgard Arena Homme+ jurnali uchun, foto: Oliver Hedli Pirch

Keling, XVIII asrni eslaylik: u paytlar modaboz janoblar qomatni tik va belni ingichka ko'rsatish uchun korsetlar, chiroyli oyoqlarni ta'kidlash uchun esa tor bridjilar kiyishgan. Poyabzallar qora yoki kulrang teridan tikilgan, biroq albatta bir o'lcham kichik bo'lishi shart edi (chunki katta oyoq panjasi faqat oddiy xalqda bo'ladi deb hisoblangan!). Oyoq kiyimlarning poshnalari libos rangiga mos ravishda qora, pushti yoki qizil rangda bo'lib, ular qimmatbaho toshlar va yaltiroq bezaklar bilan bezatilgan alohida yechiladigan to'qalar bilan to'ldirilgan.

O'sha davrning modabozlari — xoh erkak, xoh ayol bo'lsin — nafis aksessuarlarga ega bo'lishlari shart edi. Masalan, qimmatbaho toshlar yoki mozaika bilan bezatilgan, sevgi maktublari uchun maxfiy bo'lmachalari bor oltin tamaki qutilari hamda dabdabali bezatilgan lornetlar shular jumlasidandir.

Jentlmen: zamonaviy erkaklar modasi tendensiyalari
Qirol Lyudovik XIV portreti, 1701-yil

Erkaklar parik taqishlari lozim edi: turli uslubdagi — silliq, mayda o'rilgan, kvadrat shaklidagi, "brigadircha" (bantli) yoki sochlar qora taftadan tikilgan kichik xaltachaga yashiriladigan pariklar urfda bo'lgan.

XVIII asr erkaklarining yana bir o'ziga xos jihati — ijtimoiy mavqeni belgilovchi pardoz edi. Aristokratning jamiyatda pardozsiz ko'rinishi odobsizlik sanalgan. Yuzga oq rang berilib, qoshlar chizilgan, yanoqlarga upa surtilgan va hatto "mushka", ya'ni sun'iy xol yopishtirilgan. Moda olamidagi navbatdagi inqilob XIX asr Angliyasida yuz berdi. Sanoat to'ntarishi davrida aslzoda jentlmenlar yanada qulay va vazmin kostyumlarga o'ta boshlashdi. O'sha davr aristokratlari sport, ov va qishloq xo'jaligi bilan shug'ullangani, urushlarda qatnashgani sababli dabdabali liboslardan voz kechishga majbur bo'ldilar. "Zamonaviy erkaklar yasan-tusan qilmaydi, balki kiyinadi", degan qarash ustunlik qila boshladi. Shu tariqa mardonalik kasb etuvchi moda tendensiyasi shakllandi.

YORQIN KO'RINISH UCHUN O'ZGALAR FIKRIDAN VOZ KECHING

Hozirgi sharoitda erkaklar modasi oson yo'llarni izlamayapti. Bir tomondan, "yangi maskulinlik"ni targ'ib qilayotgan modelyerlar ayollar modasidan tobora ko'proq detallarni — pushti yubkalar, gul naqshlari, sharflar va to'rlarni erkaklar garderobiga olib kirmoqdalar.

Erkaklar kolleksiyalari namoyishida ko'pincha kishida tabassum uyg'otadigan liboslarni ko'rish mumkin: bobolarning poxol shlyapalari, bolalarga xos naqshli sharflari, kindikni ham yopmaydigan kalta jempirlar va bularning barchasi yirtiq jinsi shimlar bilan uyg'unlashtirilgan.

Zamonaviy dizaynerlarning fikricha, mardonalik kuch va muvaffaqiyat bilan belgilanadi. Shuning uchun ham ularning shaxsiy nazarida haqiqiy kuch erkak kishining nozikligi va his-tuyg'ularini namoyon etishida ifodalanishi kerak. Haqiqiy lyuks esa — erkak va ayol o'rtasidagi tafovut hamda ziddiyatlarni sezmaslikka imkon beruvchi vositani izlashdir.

Biroq ko'chaga chiqqanda nimani ko'ramiz? Oddiy erkaklar podiumdagi ayollarga xos elementlari bo'lgan bunday liboslarni deyarli kiymaydilar.

Aksariyat erkaklar kiyinishda juda konservativ bo'lib, ular orasida turli kasb va moddiy darajadagi insonlar bor. Erkaklar tajriba va ijodkorlikni kiyinish uslubida emas, balki ko'proq o'z ish faoliyatlarida ko'rsatishni afzal ko'radilar.

Yevropa va Amerikada o'tkazilgan tadqiqotlarga ko'ra, so'rovnomada qatnashgan ayollarning 78 foizi erkak kishini eng jozibali ko'rsatadigan narsa — uning qomatiga mukammal darajada mos tushgan kostyum ekanligini ta'kidlashgan.