Turkiy o‘sish belbog‘i: O‘zbekiston yangi savdo o‘qini qanday barpo etmoqda

Turkiy o‘sish belbog‘i: O‘zbekiston yangi savdo o‘qini qanday barpo etmoqda

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yangi iqtisodiy markazni shakllantirmoqda va buni hayratlanarli tezlikda amalga oshirmoqda. 2023-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) ilk bor 100 milliard dollarlik dovondan o‘tib, 6 foizga o‘sdi. 2026-yilda esa bu ko‘rsatkich 6–6,8 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunday sur’at Yevropa va Markaziy Osiyo (YEMO) mintaqasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 2,5 baravar yuqori bo‘lib, daromadlar darajasidagi uzilishni tez fursatda qisqartirish imkonini beradi.

2030-yilga kelib barqaror 6–7 foizlik o‘sish va 200 milliard dollarlik iqtisodiyotga erishish rejalashtirilgan. Ushbu fikrlarni XVFning 2026–2030-yillarda O‘zbekiston YaIMi 32,3 foizga o‘sishi haqidagi prognozi ham tasdiqlaydi. Bu borada mamlakatimiz Hindistondan (36,5 %) keyin ikkinchi o‘rinda turibdi va hatto BAA (24,4 %) kabi davlatlarni ortda qoldirmoqda.

Turkiy o‘sish belbog‘i: O‘zbekiston yangi savdo o‘qini qanday barpo etmoqda
Grafik: YaIMning kumulyativ o‘sishi, %, 2026–2030

Iqtisodiy yuksalishni investitsiyalar, tashqi savdo aylanmasi va liberal islohotlar ta’minlamoqda.

Keling, ularga batafsil to‘xtalamiz.

Liberallashtirish islohotlari. Valyuta tushumini majburiy sotish tartibi bekor qilinishi va so‘mning erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ortidan muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va boshqa soliq stavkalari pasaytirildi, investorlar huquqlarini himoya qilish tizimi joriy etildi hamda davlat korxonalarini xususiylashtirish soddalashtirildi. Tashqi savdo liberalizatsiyasi ham muhim ahamiyat kasb etdi — import bojlarining bekor qilinishi va mahsulotlarni eksportga yetkazib berish tizimining osonlashishi 2025-yilda inflyatsiyani 7,3 foizgacha pasaytirish hamda xorijiy kapital oqimini rag‘batlantirishga xizmat qildi.

Xorijiy investitsiyalar. Sarmoyalarning asosiy manbasi bo‘lib Xitoy (40 %), shuningdek, Rossiya va Turkiya (jami 16 %) qolmoqda. 2024-yilda O‘zbekiston hududidagi loyihalarga yo‘naltirilgan xorijiy sarmoyalar 1,6 baravar ortib, 35 milliard dollarni tashkil etdi. 2025-yilda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar o‘sishda davom etib, 43,1 milliard dollarga (+24 %) yetdi.

Tashqi savdo. O‘zbekiston Respublikasi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarni (+20,7 %) tashkil etdi. Eksport hajmi oziq-ovqat va energiya resurslari yetkazib berish hisobiga 24 foizga (33,8 milliard dollargacha) o‘sdi, oltin eksporti esa umumiy yetkazib berishning deyarli 30 foizini tashkil qildi.

Turkiy o‘sish belbog‘i: O‘zbekiston yangi savdo o‘qini qanday barpo etmoqda
Grafik: O‘zbekiston eksportining asosiy ulushlari, 2025
Turkiy o‘sish belbog‘i: O‘zbekiston yangi savdo o‘qini qanday barpo etmoqda
Grafik: O‘zbekiston importining asosiy ulushlari, 2025

Import hajmi sanoat tovarlari, kimyoviy moddalar va zavodlar uchun uskunalar olib kelinishi hisobiga 18,5 foizga ortib, 47,4 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, tarkibiy jihatdan sanoat va qayta ishlangan mahsulotlar ulushi ortib bormoqda.

Turkiy o‘sish belbog‘i: O‘zbekiston yangi savdo o‘qini qanday barpo etmoqda
Grafik: O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari, 2025

Turkiy vektor va Rossiya bilan mintaqaviy hamkorlik

O‘zbekiston turkiy dunyoning muhim xabiga aylanmoqda. Turkiyaning mintaqadagi savdo aylanmasining 25,2 foizi (15,8 milliard dollar) aynan O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

2030-yilga borib Ozarbayjon orqali o‘tuvchi O‘rta koridorga qo‘shilish yuk oqimini uch baravar oshirish va Xitoydan Yevropaga yuk yetkazish muddatini ikki baravar — 15 kungacha qisqartirish imkonini beradi. Bu 8 000 kilometrlik yo‘llar qurilishi bilan mustahkamlanmoqda. Energetika sohasida esa 2026-yil muhim bosqich bo‘ladi: yashil koridor loyihasi (O‘zbekiston — Qozog‘iston — Ozarbayjon) orqali Yevropaga energiya eksport qilinishi mamlakatimizni Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning energetika markaziga aylantiradi.

Rossiyaning turkiy tilli mintaqalari — Tatariston, Boshqirdiston va Volga bo‘yi bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Chirchiq (130 million dollar) va Jizzax (100 million dollar) industrial parklari ishga tushirildi; Pishminskaya agrologistik majmuasi va neft-gaz uskunalari sohasidagi loyihalar o‘zaro aloqalar poydevorini yaratmoqda. Rosatom kompaniyasi 2025-yil oxirida O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurishni boshladi. LUKOIL va Tatneft loyihalari bo‘yicha investitsiyalar hajmi 12 milliard dollardan oshadi.

Iqtisodiyot va hamkorlikdagi muammolar

Biroq qiyinchiliklar ham mavjud. Jahon banki energiya narxlarining qimmatlashishi va asosiy hamkorlar — Rossiya hamda Xitoy iqtisodiyotining sekinlashishi ehtimoli tufayli ayrim muammolarni prognoz qilmoqda. O‘zbekiston hukumati davlat korxonalarini subsidiyalashni isloh qilish hisobiga 2026-yilda budjet taqchilligini YaIMning 3 foizigacha qisqartirishni hamda yangi tashqi qarzlarga 5 milliard dollar miqdorida limit qo‘yishni vazifa qilib qo‘ygan. Shunga qaramay, xomashyo eksporti va xorijdan pul o‘tkazmalariga bo‘lgan strukturaviy bog‘liqlik hamda tartibga solish tizimining bir xil emasligi transchegaraviy loyihalarni sekinlashtirishi mumkin.

Salomatlik — baxt garovi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sektori — Markaziy Osiyoda eng jadal rivojlanayotgan sohalardan biridir. Aholi soni 37 milliondan oshdi va 2030-yilga kelib 41 millionga yetishi kutilmoqda. Bu esa tibbiy xizmatlarga bo‘lgan tabiiy talabni oshiradi, chunki diagnostika yaxshilanishi bilan yashirin kasalliklar yuzaga chiqadi.

2025-yilda 42 mingdan ortiq yangi onkologik holatlar aniqlangan (2022-yilga nisbatan +17 %). Umumiy kasallanish darajasi esa har 100 ming aholiga taxminan 118,5 kishini tashkil etmoqda. Oshqozon va sut bezi saratoni hamon xavotir uyg‘otmoqda — ular umumiy onkodiagnozlarning mos ravishda 10,8 % va 11,9 % ini tashkil etadi. Tizimni mustahkamlash doirasida O‘zbekiston JSST bilan hamkorlikda 2025–2035-yillarga mo‘ljallangan saratonga qarshi kurash milliy strategiyasini amalga oshirmoqda. Bu reja ommaviy skriningni joriy etish va o‘lim holatlarini kamaytirishga qaratilgan.

Farg‘ona vodiysida ayollar bepushtligi ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolmoqda va 2025-yilda reproduktiv yoshdagi ayollar orasida 16,8 foizni tashkil etgan. Bu jahon ko‘rsatkichidan (8–12 %) sezilarli darajada yuqori. Shuningdek, 2025-yilda tug‘ilish darajasi har 1 000 kishiga 17,7 foizgacha (yil davomida 2,4 % ga pasayish) qayd etilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston mazkur sohaga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan investorlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Farmatsevtika bozori 2025-yilning sentabr holatiga ko‘ra 2,14 milliard dollarga yetdi, ya’ni yil davomida 36,4 foizga o‘sdi. Sohaning 2030-yilgacha bo‘lgan yillik o‘rtacha o‘sish sur’ati, ya'ni CAGR 11,35 foizni tashkil etishi va bozor hajmi 6,6 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Taraqqiyot banklari shifoxonalar qurilishi va ularni modernizatsiya qilish loyihalarini imtiyozli shartlarda faol moliyalashtirmoqda, bu esa xususiy investorlar uchun sarmoyaviy xatarlarni kamaytiradi. To‘lovlar tarkibida sug‘urta kompaniyalari emas, balki bevosita mijozlar tomonidan amalga oshirilayotgan to‘lovlar ulushi 60,3 foizni tashkil etmoqda, bu esa xususiy sug‘urta bozorini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratadi. Zamonaviy klinikalar tanqisligi sharoitida aholining xarid qobiliyati oshib borayotgani sohaga sarmoya kiritish istiqbollarini yanada kengaytirmoqda.

O‘zbekiston — 2035: kelajakka nazar

O‘zbekiston iqtisodiyotining 2035-yilgacha bo‘lgan taraqqiyoti, mening kutishimcha, quyidagi asosiy omillarga tayanadi.

1. Energetika. Ham an’anaviy (qazib olinadigan), ham qayta tiklanadigan energiya manbalari mamlakat ichidagi rivojlanish va eksport salohiyati hisobiga asosiy drayver bo‘lib qoladi.

2. Raqamli texnologiyalar va moliyaviy xizmatlar. Fintex, raqamli banklar, kriptovalyuta loyihalari hamda xalqaro platformalar raqobatbardoshlikning bosh manbasiga aylanadi.

3. Transport va logistika. Savdo yo‘laklarini, eng avvalo, O‘rta koridor orqali kengaytirish O‘zbekistonning mintaqaviy logistika xabi sifatidagi rolini yanada mustahkamlaydi.

Investorlar O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal o‘sishiga (mintaqadagi 2,4–2,7 foizga nisbatan 6–6,5 foiz) va boshqariladigan xatarlarga e’tibor qaratishlari lozim. Energetika, infratuzilma, logistika va raqamli moliya — ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Turkiy davlatlar va Rossiya hududlari uchun O‘zbekiston Yevrosiyoda rivojlanayotgan savdo hamda keng ko‘lamli infratuzilma loyihalari asosida shaxsiy o‘sish markazini yaratish imkoniyatini taqdim etmoqda.