Har bir loyihada innovatsiyalar: Erhan Başkurt va Murat Mustafa Karakoç bilan suhbat

Markaziy Osiyo iqtisodiyotining jadal sur’atlar bilan o‘sishi fonida Turkiyaning Çeliker Holding kompaniyasi asosiy tarmoqlardagi o‘zgarishlar drayveriga aylanib, o‘z pozitsiyalarini mustahkamlamoqda. Innovatsiyalar va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslangan xolding beshta strategik yo‘nalishni birlashtiradi: Akça Yapi turar joy majmualari, mehmonxonalar, shifoxonalar va savdo markazlari qurilishiga mas’ul; Beton Market — beton nasoslari savdosi va servis xizmati; 3A Engineering — elektromexanika ishlari; Inşaat Market — qurilish uskunalarini yetkazib berish, Euro Agro esa qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. HILL nashri Inşaat Market bosh direktori Erhan Bashkurt va Euro Agro startapi rahbari Murat Mustafa Karakoç bilan suhbatlashdi.
Markaziy Osiyo biz uchun imkoniyatlar maydonidir. Bu yerda infratuzilma va texnologiyalarga bo‘lgan talab shiddat bilan ortib bormoqda.
Çeliker Holding Markaziy Osiyodagi faoliyatini faol kengaytirmoqda. Nima uchun aynan ushbu mintaqa xolding uchun strategik ahamiyatga ega bo‘ldi?
Markaziy Osiyo biz uchun ulkan imkoniyatlar makonidir. Bu yerda infratuzilma va texnologiyalarga bo‘lgan talab juda tez sur’atlarda ortmoqda. Çeliker Holding mintaqaning iqtisodiy yuksalishi uchun bor kuchini safarbar etishga tayyor. Masalan, Inşaat Market allaqachon loyihalarni tayyor holda topshirish bo‘yicha ishonchli hamkor sifatida nom qozonib ulgurdi. Biz shunchaki uskunalar sotmaymiz, balki mijoz texnologik mahsulot, servis va ekspertizani birdek qo‘lga kiritadigan yaxlit ekotizim yaratamiz.
Inşaat Market o‘z innovatsiyalari bilan mashhur. Texnologiyalar mijozlarga qanday yordam berayotganiga misollar keltira olasizmi?
Sun’iy intellektga asoslangan tizimimiz qurilish maydonlaridagi ma’lumotlarni tahlil qilib, materiallarga bo‘lgan ehtiyojni 98 foiz aniqlik bilan bashorat qiladi. Bu mijozlarga budjetning 15-25 foizigacha tejash imkonini beradi. Shuningdek, biz turar joylarni tezkor barpo etish uchun modulli konstruksiyalar va mintaqaning keskin harorat o‘zgarishlariga moslashgan aqlli beton aralashmalarini ishlab chiqdik. Raqobatchilar asbob-uskuna taklif qilsa, biz aniq natijani taqdim etamiz!
O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyodagi faoliyat ma’lum qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Ularni qanday yengib o‘tyapsizlar?
Muvaffaqiyat siri — kompleks yondashuvda. Bizning jamoamiz loyihalarni eskizdan to topshirish jarayonigacha kuzatib boradi: muhandislar smetani optimallashtiradi, yuristlar ruxsatnomalarni rasmiylashtiradi, logistlar esa chekka hududlarga ham yuklarni 72 soat ichida yetkazib berishni ta’minlaydi. Masalan, po‘lat karkaslar Turkiya texnologiyasi asosida ishlab chiqariladi, biroq cho‘lning eng murakkab sharoitlarida sinovdan o‘tkaziladi. Bu qum bo‘ronlariga chidamlilikni kafolatlaydi.
Inşaat Market faoliyatida konsalting qanday rol o‘ynaydi?
Judayam muhim rol! Ayniqsa qurilish va infratuzilma loyihalari sohasida. Bu yerda shunchaki qurilish materiallarini sotish emas, balki mijozlarga o‘z loyihalari uchun eng maqbul yechimlarni taklif qilish lozim. Konsalting ekspertlik ko‘magini beradi va loyihaning barcha bosqichlarida xavf-xatarlarni aniqlashga yordam beradi. Maslahatchilarimiz har bir mijozning talablarini chuqur tahlil qiladi — bular qatoriga qurilish loyihasining o‘ziga xosligi, budjeti, bajarilish muddati va boshqa omillar kiradi.
Siz Turkiya uskunalarini taklif etasiz. Ularning afzalligi nimada?
Ta’kidlash joizki, bu yuqori sifatli Turkiya uskunalarini yetkazib berish bo‘lib, u bir qator ustunliklarga ega. Birinchidan, ular xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi. Ikkinchidan, narx va sifat mutanosibligi a’lo darajada. Qimmatbaho Yevropa muqobillaridan farqli o‘laroq, bizning uskunalar oqilona narxda yuqori sifatli mahsulot olish imkonini beradi. Uchinchidan, mijozlar Turkiya uskunalarini og‘ir yuklamalarga chidamliligi va uzoq umr ko‘rishi uchun qadrlashadi. Bu, ayniqsa, har bir detal yakuniy natijaga ta’sir qiladigan qurilish va sanoatda juda muhimdir.
Markaziy Osiyo qurilish sohasida qanday tendensiyalarni ko‘ryapsiz va Inşaat Market ularga qanday javob bermoqda?
Avvalo, bu Yangi O‘zbekiston, Samarkand City va Bukhara City kabi yirik loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq infratuzilma va uy-joy qurilishining faol rivojlanishidir. Urbanizatsiya o‘sishi sifatli uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi, davlat investitsiyalari esa bozor uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Bunga javoban Inşaat Market qurilish materiallari assortimentini kengaytirmoqda, quruvchilar va davlat tuzilmalari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda hamda logistikani optimallashtirmoqda. Shu bilan birga, mintaqada qurilish jarayonlarini tezlashtiradigan yuqori texnologik materiallarga talab ortmoqda. Biz mijozlarga ekologik materiallardan tortib raqamli yechimlargacha bo‘lgan kompleks yondashuvni taklif etyapmiz.
Euro Agroga o‘tamiz. Texnologiyalaringiz mintaqa qishloq xo‘jaligini qanday o‘zgartirmoqda?
Bizning texnologiyalarimiz samaradorlik, barqarorlik va mahsuldorlikni oshirish orqali sohani sezilarli darajada o‘zgartirmoqda. Biz zamonaviy yechimlarni joriy qilyapmiz: tuproqni aniq tekislash uchun lazerli qurilmalar, suv resurslaridan unumli foydalanish uchun sug‘orish tizimlari, tuproqqa ishlov berishni optimallashtiradigan ko‘p funksiyali diskli boronalar. Ushbu innovatsiyalar, ayniqsa, Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil iqlimida fermerlarga hosildorlikni oshirish va resurslarni tejashga yordam beradi.
Fermerlarni qanday qo‘llab-quvvatlaysiz?
Biz barcha bosqichlarda ishonchli hamkor bo‘lishga intilamiz. Bu uskuna tanlash bo‘yicha maslahatlar, texnikadan samarali foydalanish bo‘yicha treninglar, muntazam servis xizmati va ehtiyot qismlarni yetkazib berishni o‘z ichiga oladi. Har qanday texnik muammoni zudlik bilan hal etishga tayyormiz.
Qurilish va agrotexnologiyalar kabi ikki xil soha bir xolding doirasida qanday uyg‘unlashgan?
Ular bir-birini mukammal to‘ldiradi. Çeliker Holding qurilishdagi tajribasidan infratuzilma yaratishda foydalansa, Euro Agro zamonaviy texnika bilan qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshiradi. Bunday yondashuv agrar soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Tuproq uchun texnologiyalar — mo‘l hosil va barqaror rivojlanish garovidir
Euro Agro va Inşaat Marketning yaqin yillar uchun rejalari qanday?
Faol kengayishni maqsad qilganmiz. O‘zbekistonning barcha shaharlarida va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida Euro Agro filiallarini ochishni rejalashtirganmiz. Biz fermerlarni zamonaviy uskunalar va yangi texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirmoqchimiz.
2026-yilga borib Inşaat Market Qozog‘istondagi ishtirokini ikki baravar oshiradi va Mo‘g‘uliston bozoriga chiqadi. Hozirda Jetisu viloyatidagi shamol elektr stansiyalari uchun uskunalar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Mushtariylarimizga nima degan bo‘lar edingiz?
Muvaffaqiyat tarixi aynan shu yerda va hozir yozilmoqda. Biz barchani ushbu tarix hammuallifi bo‘lishga taklif etamiz.
Tuproq uchun texnologiyalar — mo‘l hosil va barqaror rivojlanish garovidir.












