Fashion TV O'zbekistonda: Markaziy Osiyo moda sanoatida yangi davr

Markaziy Osiyo moda olami tarixiy burilish pallasida — o‘ttiz yildan buyon jahon trendlari, hashamat va innovatsiyalar ramzi bo‘lib kelayotgan afsonaviy Fashion TV telekanali O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochmoqda. Bu voqea nafaqat mintaqaning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlaydi, balki sharqona an’analar va g‘arbiy uslub standartlari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi. Pullik televideniye orqali qariyb 500 million xonadonni qamrab olgan ushbu telekanal bilan hamkorlik sharofati bilan endilikda O‘zbekiston ham eksklyuziv moda namoyishlari, top-modellar hamda dizaynerlar bilan intervyular va yangi formatdagi noyob loyihalardan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Fashion TV egalari Mariya va Mishel Lisovskiylarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning tanlanishi nafaqat mamlakatning boy madaniy merosi, balki mahalliy auditoriyaning jahon brendlariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani bilan ham bog‘liq: «Biz Markaziy Osiyoda ulkan salohiyatni ko‘rmoqdamiz. Mintaqaning madaniy va iqtisodiy markazi sifatida O‘zbekiston biz uchun tabiiy tanlov bo‘ldi. Bizning maqsadimiz shunchaki trendlarni kuzatish emas, balki ularni shakllantirish, tajriba va innovatsiyalar uchun keng maydon yaratishdir. Fashion TV Markaziy Osiyoning moda hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishiga ishonchimiz komil».
Ushbu hamkorlikda Italiyaning Ereda brendi kreativ direktori, Fashion TV’ning mintaqadagi ambasadoriga aylangan Hayotullo Ismoilov alohida o‘rin tutadi. Uning «sokin hashamat» falsafasi telekanal auditoriyasining didiga to‘la mos keladi. U shunday deydi: «Fashion TV ambasadori bo‘lish men uchun o‘z madaniyati va an’analari bilan boy bo‘lgan ushbu mintaqaga Italiya uslubini olib kirish imkoniyatidir. Moda nafaqat go‘zal, balki barcha uchun tushunarli bo‘lishi kerak».
HILL jurnali bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik madaniy almashinuvni yanada samarali va har ikki tomon uchun manfaatli qiladi. HILL jurnali bosh muharriri Alsu Bashar buni shunday izohlaydi: «Bizning maqsadimiz — ma’lumot berish va ilhomlantirishdir. Fashion TV bilan birgalikda sharqona estetika va Yevropa glamuri tutashadigan platforma yaratmoqdamiz. Bularning barchasi yirik brendlar ishtirokida kechayotgan ulkan madaniy jarayonning bir qismidir».
Loyihaning ko‘lami haqiqatdan ham hayratlanarli! Fashion TV barcha qit’alarda — jahonning 192 mamlakatida mavjud bo‘lib, telekanalning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni 6 milliondan oshadi. Uning reytinglari TLC, Bloomberg va CNBC kabi kanallar bilan bellasha oladi, loyiha faoliyati davomida esa 100 dan ortiq muvaffaqiyatli franshizalar ishga tushirilgan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Fashion TV auditoriyasi ko‘proq sayohat qiladi, faolroq xarid qiladi va umuman olganda sermazmun hayot kechiradi. Agar telekanal biror yangi mintaqada o‘z faoliyatini boshlasa, bu birinchi navbatda o‘sha hududning istiqboli porloq ekanidan dalolat beradi.
Fashion TV, HILL jurnali va Ereda brendi nafaqat madaniyatlararo bog‘lovchi bo‘lish, balki Markaziy Osiyoning yangi moda voqeligini yaratishda faol ishtirok etish uchun kuchlarini birlashtiradi. Ularning hamkorligi shunchaki g‘oyalar almashinuvidan tashqariga chiqib, yangi trendlarni shakllantirish, mahalliy dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlash va mintaqani jahon moda sanoatining diqqat markaziga aylantirishga xizmat qiladi.
Hayotullo Ismoilov Markaziy Osiyo Fashion TV'dagi faoliyati haqida
«Biz Fashion TV bilan ancha vaqtdan beri hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Ereda brendi bilan bo‘lgan ishim orqali men ushbu katta oilaning bir qismiga aylandim. Moda — bu shunchaki trendlarga ergashish emas, balki o‘ziga xos falsafadir. Men Fashion TV’dagi samimiylikni qadrlayman. Moda samimiy va tushunarli bo‘lishi kerak, men ushbu g‘oyani Markaziy Osiyoda amalga oshirishga intilaman.
Ereda — italyancha «eredita» so‘zidan olingan bo‘lib, «meros» degan ma’noni anglatadi. Biz qimmatbaho tabiiy matolar — kashmir va ipakdan foydalanamiz. Albatta, O‘zbekistondagi asosiy hamkorimiz — «Cashmere and Silk» butigidir. Biz modasevarlarni vazmin nafosat va yuksak sifat g‘oyasi bilan tanishtirishni istaymiz.
Moda olamida hamisha evolyutsiya davom etadi, biroq men hozirda «sokin hashamat», yengillik va tabiiylik falsafasi yuksalayotganini kuzatmoqdaman. Shuningdek, jahon moda olamini O‘zbekistonning yildan-yilga mahorati oshib borayotgan iqtidorli dizaynerlari bilan tanishtirmoqchiman. Umid qilamizki, yaqin kelajakda ular dunyo modasi sahnalarida yetakchi o‘rinlarni egallashadi.
HILL jurnali hamisha ochiq va samimiy nashr bo‘lib kelgan. U mashhur nomlarni qidirib yurmaydi, balki yangi iste’dodlarni kashf etadi. O‘ylaymanki, hamkorligimiz yangi nomlarni ochishga va dunyo ahlini O‘zbekistonning betakror manzillari bilan tanishtirishga yordam beradi. Birgalikda moda olamiga yangicha g‘oyalar olib kiramiz».












