Unutilmas hordiq chiqarish san'ati: bo'sh vaqtni o'tkazish qoidalarini o'zgartirayotgan texnologiyalar

Raqamli asr shafqatsiz. Bugun insonni nafaqat uning kiyimi, so‘zlari va xatti-harakatlari, balki foydalanadigan gadjetlari ham tavsiflaydi. Biznesni yuritishda smartfonlar, fitnes bilan shug‘ullanishda aqlli soat va bilaguzuklar, yugurishda esa shovqinni pasaytirish tizimiga ega quloqchinlar eng yaqin ko‘makchimizga aylangan. Ammo barcha ishlar tartibga solingan, telefonlar “ovozsiz” rejimga o‘tkazilgan va butun dunyo sarguzashtlar uchun ochiqdek tuyulgan baxtli lahzalar uchun maxsus yaratilgan qurilmalar bormi? Keling, faol va unutilmas hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangan eng sara devayslar haqida so‘z yuritamiz.
TADQIQ ETING!
Xaritalarda hali belgilanmagan yana qancha yo‘qolgan shaharlar va g‘arq bo‘lgan qaroqchi kemalar bor ekan-a? Haqiqiy xazina sandig‘ini topish va Indiana Jonsning munosib vorisiga aylanishda suvosti tadqiqot apparatlari bozoridagi yangiliklar — PowerRay va Chasing M2 dronlari yordamga keladi. Ular quvvati va o‘lchami bilan farqlansa-da, ishlash prinsipi bir xil: operator signallari yo‘g‘on sim orqali uzatiladi, tasvir esa onlayn tarzda smartfonga yoki virtual borliq dubulg‘asiga chiqariladi. PowerRay 30 metr chuqurlikka sho‘ng‘iy oladi, Chasing M2 esa eng qimmat jamlanmasida 200 metrgacha bo‘lgan bosimga bardosh beradi. Ichki kameralar har doim ham kutilgan tiniqlikni bermasligi mumkin, ammo amaliyot shuni ko‘rsatadiki, qo‘shimcha o‘rnatilgan GoPro kameralari yordamida betakror kadrlar olish mumkin. Aydarko‘l tubi qanday sirlarni yashirayotganini aniqlash vaqti kelmadimikan?
MUSHOHADA QILING!
8K ruxsatidagi televizorlarning yagona muammosi — onlayn kinoteatrlar hali bunday yuqori sifatli kontentlarni taqdim etishga shoshilmayotganidir. Qolgan barcha jihatlarda esa Sony va Samsung bayroqdorlari hayratlanarli darajada mukammal. Ular tasvir sifatini mislsiz darajaga ko‘taruvchi neyron protsessorlar bilan jihozlangan. Ikki metrlik ekranlar aysbergni hatto “Titanik” ekipaji payqashidan oldin ko‘rish imkonini beradi. 85—90 vattli yirik dinamiklar esa xuddi kinoteatrdagidek teran ovozni ta’minlaydi. Ushbu televizorlarning qalinligi 15 millimetrdan oshmaydi va ular ofis interyeriga ham juda mos tushadi. Hamkorlar uchun taqdimot o‘tkazishda bundan qulay va ta’sirliroq usul hali o‘ylab topilmagan bo‘lsa kerak.
O'RGANING!
Texnologiya gigantlari o‘zaro bellashuvga kirishdi. Apple kompaniyasi R1 chipi bilan kuchaytirilgan M2 protsessoriga, Meta esa ko‘rish burchagini kengaytiruvchi yassi linzalarga asosiy urg‘u bermoqda. O‘tgan bir yil davomida eng zamonaviy ikki virtual borliq dubulg‘asidan qaysi biri — Vision Pro yoki Quest 3 yaxshiroq degan savolga yakuniy javob topilmadi. Har ikki qurilma ham insoniyat ilgari duch kelmagan grafika sifatini kafolatlaydi va aksariyat kompyuterlarda mavjud bo‘lmagan unumdorlikni namoyish etadi. Ushbu devayslarning o‘ta yangichaligini shundan ham bilish mumkinki, Apple yuridik bo‘limi dubulg‘a ustida ish olib borilayotgan vaqtning o‘zidayoq 5 000 ta patentga ariza topshirgan. Bu qurilmalarning imkoniyatlarini faqat o‘yinlar va seriallar bilan cheklab bo‘lmaydi. Ularga ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun keng funksional yuklangan. AppStore’da Space Vision ilovasi paydo bo‘ldi, Meta do‘koniga esa butun boshli Space Exploration dasturlar paketi yuklandi. Galaktika qanday tuzilganini o‘rganish, Oy kraterlariga nazar solish yoki koinot sirlarini ochish yoki nomsiz yulduzni kashf etishmi? Bularning barchasiga virtual borliq orqali erishish mumkin. Mirzo Ulug‘bek o‘z davrida oddiy sekstant yordamida dunyoni o‘zgartira olgan bo‘lsa, XXI asr texnologiyalari bilan u qanday cho‘qqilarni zabt etgan bo‘lishini tasavvur qilish qiyin.
G'ALABA QOZONING!
Avtosport — bu qimmat, go‘zal va mardona mashg‘ulotdir. Aynan shuning uchun ko‘plab muvaffaqiyatli insonlar vaqt o‘tishi bilan unvonli poygachilarga aylanishadi. Masalan, Stiv Makkuin bitta film uchun 15 million dollargacha haq olgan bo‘lsa-da, suratga olish ishlari oralig‘ida Le-Man trassalarida hayotini xavf ostiga qo‘yib poygalarda qatnashgan. Ayrton Senna bolaligidan dabdaba og‘ushida yashagan bo‘lsa ham, "Formula-1" bolidlarida rekordlarni yangilagan. Adrenalin olamiga ilk qadamni qo‘yish uchun haqiqiy o‘lchamdagi Ferrari yoki Lamborghini sotib olish shart emas. Poyga avtomobilining eng yaxshi xususiyatlarini Traxxas va Yikong brendlarining professional radioboshqaruvli modellari orqali his qilish mumkin. Ular soatiga 80 kilometrgacha tezlikka erishadi va sinov kadrlaridan ko‘rinib turibdiki, 40 darajali burchak ostidagi qum barxanlariga bemalol ko‘tarila oladi. "Sindirib bo‘lmas" osma tizimi ularni har qanday bayram uchun eng yaxshi sovg‘aga aylantiradi. Bu modellar — g‘ildirakli haqiqiy "maxluqlar"dir. Qolgan barchasi shunchaki o‘yinchoq.












