U yerda nima qilamiz? NASA Oy va Marsga uchish bo‘yicha tajribalarini davom ettirmoqda

U yerda nima qilamiz? NASA Oy va Marsga uchish bo‘yicha tajribalarini davom ettirmoqda

Oy sirtida jami necha kishi sayr qilishga ulgurgan? 1969-yildan 1972-yilgacha bo‘lgan davrda jami o‘n ikki nafar. Yana uch kishi manzilga yetib bora olmadi. Mashhur Apollon-13 orbitada nosozlikka uchradi va favqulodda okeanga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Krater uzra navbatdagi Amerika bayrog‘i o‘rniga insoniyat Jek Suaygert ijrosidagi o‘lmas iborani eshitdi: Xyuston, bizda muammo bor. Bugungi kunda NASA mutaxassislari yagona va o‘rnini bosib bo‘lmas yo‘ldoshimiz sari parvozlarni qayta tiklashga hozirlik ko‘rmoqda. Xo‘sh, bu nima uchun kerak?

Birinchidan, Artemida dasturini amalga oshirishga ajratilgan 35 milliard dollar havoga uchib ketmasligi uchun. Ikkinchidan, Oyning muz bilan qoplangan janubiy qutbini tadqiq etish uchun. Kosmik aysberglar Yerdagilardan hech bir jihati bilan farq qilmaydi, biroq ulardan Marsga amalga oshiriladigan bo‘lajak parvozlar uchun suv zaxirasi sifatida foydalanish mumkin. Oyga yetib borish uchun bor-yo‘g‘i uch kun, Marsgacha esa naqd to‘qqiz oy vaqt ketadi. Shunday ekan, yo‘l-yo‘lakay to‘xtab, baklardagi H2O zaxirasini to‘ldirib olishning nima yomonligi bor? Mabodo shunday bo‘lsa, yon-atrofga McDonald’s qurib qo‘yish ham zarar qilmasdi. O‘zi bilan olib ketishga buyurtma berilsa — burger sovg‘a!

Darvoqe, Oyda oshxonalar qurish haqidagi hazillar haqiqatdan unchalik yiroq emas. NASA haqiqatan ham Gateway nomli doimiy Oy stansiyasini barpo etish niyatida. Loyihaga Maxar Technologies, Northrop Grumman, Thales Alenia Space, JAXA va CSA kabi beshta sanoat giganti jalb qilingan. Infratuzilma kamida ikkita turar joy modulini — qisqa va uzoq muddatli yashash uchun — hamda hayotiy ta’minot tizimlari uchun ko‘plab xonalarni o‘z ichiga oladi. Ta’mirlash ishlari bilan esa Mario va Luiji ismli chilangarlar emas, balki manipulyator qo‘llari bor robotlar shug‘ullanadi.

Iqtisodiyotning yangi qonunlaridan birida aytilganidek: qayerdaki katta pullar tarqatilsa va kosmik sayohatlar orzu qilinsa, o‘sha yerda muqarrar ravishda Ilon Mask paydo bo‘ladi. Usiz Artemida loyihasini tashkil etishdan ma’no qolmasdi. Milliarder va yaqindan beri shov-shuvli siyosatchi ushbu dastur uchun Starship kemasi asosida Oyga qo‘nish modulini tayyorlamoqda. Sinov maydonchalari muntazam uchirishlardan qizib ketgan, ba’zan bu jarayonlar chiroyli mushakbozliklar bilan yakun topmoqda. Muhandislarning va’da berishicha, yaqin orada bunday qulashlar to‘xtaydi, zero 2026-yilda raketa ikki fazogirni Oyga yetkazib qo‘yishi shart.

Yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida tungi yoritgichni hech kim bezovta qilmadi. U goh to‘linoy, goh hilol bo‘lib Yer atrofida aylanib, derazalarimizga mo‘ralab turdi. Ammo har qanday yaxshi narsaning oxiri bo‘ladi. Botir amerikalik yigitlar allaqachon skafandrlarini kiyib, dvigatellarni qizdirishgan va tez orada orzu sari yo‘l olishadi. To‘g‘risini aytganda, endi ularni Oy qiziqtirmaydi. Hozir u haqiqiy sayyoralarga uchishdan oldingi vaqtinchalik to‘xtash joyi vazifasini o‘taydi. Darvoqe, agar avvalgi oltita Oyga qo‘nish holatlari Gollivudda suratga olingan bo‘lsa, Paramount Pictures yangi uskunalar sotib olishi kerak. Marsni shunday chizish kerakki, biz yana hammasiga ishonaylik!