U esa: «Qani, ketdik!» — dedi. O‘zbekistonning koinot dasturiga qo‘shgan hissasi

Bundan 40 yil avval, 1985-yil 11-fevralda «Salyut-7» orbital stansiyasi bilan aloqa uzildi. Sovet Ittifoqining millionlab rubllik jihozlarini saqlab qolish uchun bort muhandisi Viktor Savinix va ikki karra Sovet Ittifoqi Qahramoni, aviatsiya polkovnigi Vladimir Janibekov koinotga yo‘l oldi. Aynan Janibekov boshqaruvni yo‘qotib, fazoda tartibsiz aylanayotgan stansiyaga kosmik kemani tutashtirishi lozim edi. Va u buni mahorat bilan uddaladi.
2022-yilda V. Janibekov O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Ehtimol, u hanuzgacha hayoti mintaqamiz bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan eng mashhur kosmonavt bo‘lib qolmoqda. Ahamiyati jihatidan ikkinchi darajali davlat mukofoti — Amir Temur ordeni esa kosmonavt Solijon Sharipovga topshirilgan. U ham Amerikaning Space Shuttle, ham Rossiyaning «Soyuz TMA-5» kemalarida parvoz qilib, koinotda jami 200 sutkadan ortiq vaqt o‘tkazgan.
Biroq O‘zbekistonning koinot dasturlari rivojiga qo‘shgan hissasi faqat qahramonlar nomi bilan cheklanib qolmaydi. Mamlakat sanoati soha uchun ko‘plab olamshumul kashfiyotlarni taqdim etgan. Bu borada Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi muhim o‘rin tutadi. Korxonada 1977–1987-yillar davomida Il-76 MDK samolyot-laboratoriyalari ishlab chiqilgan. Maxsus mustahkamlangan korpus va vaznsizlik sharoitida ishlashga moslashgan tizimlar bilan jihozlangan ushbu laynerlar yuzlab sovet, rossiyalik va xorijiy kosmonavtlar uchun o‘ziga xos «uchar trenajyor» vazifasini o‘tagan.
1969-yilda akademik Vladimir Barminning Moskvadagi konstruktorlik byurosi filiali sifatida tashkil etilgan Toshkent umumiy mashinasozlik konstruktorlik byurosi haqiqiy innovatsiyalar markaziga aylandi. Bu yerda Oy va Venerani tadqiq etish uchun uskunalar yaratildi. Masalan, Toshkentda tayyorlangan tuproq namunalarini olish qurilmasi «Luna-24» stansiyasiga o‘rnatilgan edi. Mazkur qurilma ikki metrli quduq burg‘ilab, ilk bor tarkibida suv zarrachalari bo‘lgan namunalarni Yerga yetkazib berdi. Venera missiyalari ham kam bo‘lmadi: «Venera-13» va «Venera-14» stansiyalaridagi burg‘ilash qurilmalari 450°C issiq va o‘ta og‘ir atmosferaga bardosh berib, tuproq tarkibi haqida qimmatli ma’lumotlar to‘pladi.
Orbital stansiyalar uchun toshkentlik muhandislar vaznsizlik sharoitida metallarni erituvchi tajriba pechlari hamda diametri 30 metrgacha yetadigan transformatsiyalanuvchi antennalarni yaratdilar. Ushbu texnologiyalar Parkent tumanidagi «Nevich» poligonida sinovdan o‘tkazilgan. 1980-yillarda bu yerda 80 metrli minoraga ega ulkan sinov majmuasi qad rostlagan edi. Afsuski, Ittifoq parchalanganidan so‘ng poligon qarovsiz qolib, xarobaga aylandi, biroq uning qoldiqlari hamon o‘sha davrdagi ulkan kosmik maqsadlardan darak berib turadi.
Chirchiq shahridagi 1981-yilda ishga tushirilgan «Kompozit» zavodi koinot sanoati uchun zarur bo‘lgan uglerodli plastik (ugleplastik) ishlab chiqarishda peshqadam bo‘ldi. Ushbu yengil va mustahkam material GLONASS tizimi, «Radioastron» loyihasi antennalari va «Kosmos» seriyasidagi quyosh panellarida qo‘llanilgan. Bu ishlanmalar bugungi kunda ham jahon koinot sanoatida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shuningdek, Toshkent koinot asbobsozligi ilmiy-tadqiqot instituti ham harbiy sun’iy yo‘ldoshlar hamda boshqariladigan missiyalar uchun sun’iy intellekt tizimlarini yaratish bilan shug‘ullangan. Institut koinotdan olingan suratlarni qishloq xo‘jaligi va geologiya sohalari uchun tahlil qilib, Yerni masofadan zondlash zamonaviy texnologiyalariga poydevor qo‘ygan.
Suffa platosidagi rasadxona dunyodagi eng qudratli radioteleskoplardan biriga aylanishi mumkin edi, biroq uning qurilishi 1990-yillarda to‘xtab qoldi. Bugungi kunga kelib bu boradagi ishlar qayta jonlandi. Rejaga ko‘ra, ilk tadqiqotlar 2025–2028-yillarda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, «O‘zbekkosmos» agentligi yetakchi davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Hozirgi kunda sun’iy yo‘ldosh aloqasi, navigatsiya va Yerni masofadan zondlash tizimlarini rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. O‘zbekiston koinotni o‘zlashtirish tarixida o‘z o‘rniga ega. Infratuzilmani tiklash va xalqaro aloqalarni mustahkamlash jarayoni jadallashib, kelajakda yurtimizga ulkan maqsadlar va yirik sarmoyalar bilan yangi investorlar kirib kelishiga umid qilamiz.












