Sizning so‘rovingiz — ularning chaquvi: sud OpenAI zimmasiga foydalanuvchilarning yozgan har bir xarfini saqlash majburiyatini yukladi. Nega?

Amerika sudi jilovni qo‘yib yubordi. Dunyodagi eng yirik sun’iy intellekt yetkazib beruvchisi — OpenAI kompaniyasi foydalanuvchilarning barcha so‘rovlarini umrbod saqlashga majbur qilindi. Kamtarona notijorat tashkiloti bunday ulkan ma’lumotlar ombori uchun mablag‘ni qayerdan oladi? Buning uchun faqat Grenlandiyani egallab, Kakortok o‘rniga gigant server qurishi kerak, xolos. Yoki boshqa yo‘llari bormi?
Sem Altman va uning jamoasi ustidan sud jarayoni 2023-yilda boshlangan edi. Dunyoga mashhur The New York Times gazetasi neyrotarmoq uning materiallari asosida o‘qitilgani sababli da’vo arizasi bilan chiqdi. Albatta, nashr rahbariyati neyrotarmoq butun internetni barobariga qamrab olgani, har bir jurnalistning maqolasi-yu forumlardagi har bir mojaro ushbu qudratli elektron tafakkurning shakllanishiga xizmat qilganini o‘ylab ham ko‘rmadi. Javobgarlar esa o‘z navbatida da’voni asossiz deb atab, allaqachon apellyatsiya berib bo‘lishdi. Darvoqe, gazeta xodimlarining akkauntlarini ham bloklab qo‘yish zarar qilmasdi. Yoki ular texnik taraqqiyot ne’matlaridan foydalanmay, matnlarni haligacha toshga o‘yib yozishyaptimi?
OpenAI bosh operatsion direktori Bred Laytkap hatto shunday bayonot berdi: Bu foydalanuvchilarimiz oldida olingan maxfiylik majburiyatlariga tubdan zid keladi. Bu uzoq yillik maxfiylik me’yorlarini buzadi va maxfiylik himoyasini kuchsizlantiradi. Qisqagina matnda Laytkap maxfiylik so‘zini uch marta ishlatdi — kompaniya saytidagi bannerda ham aynan shuncha marta yozilgan. Nega aynan shu atamaga bunchalik urg‘u berilyapti? Balki The New York Times da’vosi global qishloq qurish yo‘lidagi ortga qaytmas jarayon uchun shunchaki niqobdir (bu g‘oya haqida bundan yetmish yil avval buyuk faylasuf Marshall Maklyuen yozgan edi).
O‘zingizdan so‘rab ko‘ring: nega neyrotarmoqqa murojaat qilaman? Xizmat ko‘rsatish shartnomasini tekshirish, rakovina qanday tuzatilishini bilish yoki kechki payt tomosha qilish uchun film tanlash uchunmi? Raqamli tubsizlikka haddan tashqari ko‘p ma’lumot oqib ketmayaptimi? ChatGPT ning oxirgi yangilanishi esa hatto mobil telefon kamerasiga ulanishni ham o‘rgandi. Endi sun’iy intellekt biz bilan birga atrof-muhitni kuzatish va tegishli xulosalar chiqarish qobiliyatiga ega.
Xomxayollarga berilishning keragi yo‘q. Biz qafasni o‘zimiz ochdik va unga qulay joylashib oldik. Insoniyat quvonchi va g‘ururini Instagram’ga, muammo va g‘am-anduhlarini esa neyrotarmoqlarga to‘kyapti. Butun dunyo bo‘ylab 200 milliondan ortiq kishi, asosan osiyoliklar, neyrotarmoqlardan muntazam ravishda psixologik yordam so‘rashmoqda, zero bu malakali mutaxassis topishdan ko‘ra osonroq va arzondir. Bu manipulyatorlar qo‘lida qanchalik ajoyib qurolga aylanishi mumkin! Mushkul ahvolda qolgan inson ongi butunlay boshqacha ishlaydi — unga tazyiq o‘tkazish ancha oson. Biz mashinalar bizning bevosita dushmanlarimizga aylanadi deb o‘ylagandik, ular esa benuqson josuslarga aylandi. Bugun siz ularga nimalarni so‘zlab berishga ulgurdingiz?












