Boy berib bo'lmas imkoniyatlar: O'zbekiston Markaziy Osiyoda sun'iy intellekt rivoji uchun bosh texnologik markaz bo'lishga tayyor

Boy berib bo'lmas imkoniyatlar: O'zbekiston Markaziy Osiyoda sun'iy intellekt rivoji uchun bosh texnologik markaz bo'lishga tayyor

Endi 2024-yilning kuz fasli xotiramizda shunchaki xazonrezgi bilan muhrlanib qolmaydi. 14-sentabr kuni ChatGPT-4o1 IQ testidan 120 ball to‘pladi. Bu sayyoramizdagi eng iqtidorli insonlarga xos ko‘rsatkichdir. Endi biz robotlar uchun munosib suhbatdosh bo‘la olmaymiz — ular nazdida biz o‘ta zerikarli va maydakash bo‘lib qoldik. Bugun sun’iy intellekt bilan teng darajada muloqot qilishga faqatgina Nobel mukofoti laureatlari yoki san’at olamidagi sanoqli daho vakillar, masalan, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra test topshiriqlarida 160 ball to‘plagan Kventin Tarantino qodir, xolos. Sun’iy intellektni endi inkor etib bo‘lmaydi. U xuddi simsiz internet yoki smartfonlar kabi iqtisodiyotimizning uzviy bo‘lagiga aylanib ulgurdi. Asosiy ishlanmalar, tabiiyki, AQSh hududida olib borilmoqda, biroq Markaziy Osiyo ham bu texnologik poygadan chetda qolish niyatida emas. Bugungi kunda O‘zbekistondagi o‘nlab kompaniyalar sun’iy intellekt bilan bog‘liq loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Xo‘sh, bozor oliy ma’lumotli, tajribali mutaxassis o‘rnini protsessor egallashiga tayyormi?

«Alif Uzbekistan» IT-giganti bosh direktori Nuriddin Lafizovning ta’kidlashicha, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va robotlashtirish, aksincha, kompaniyaga yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda. Sun’iy intellekt kredit skoringi kabi murakkab va bir xil turdagi zerikarli vazifalarni o‘z zimmasiga oladi, mijozlar bilan muloqotni esa baribir professional mutaxassislar davom ettiradi. «Asakabank» boshqaruvchi direktori Bekzod Tangmatov ham bu fikrni to‘la quvvatlaydi. Uning ishonchi komilki, jonli muloqot va yuqori sifatli servis, ayniqsa bankning nufuzi va ishonchliligini shaxsan baholashni istaydigan badavlat mijozlar uchun doimo o‘z qadrini saqlab qoladi. «Tenge Bank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Tavakkalov esa yaqin kelajakda robotlar aloqa markazlari, qarzlarni undirish va marketing bo‘limlaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini egallashini yashirmaydi. Sun’iy intellekt bilan hamnafas ishlash yoki keyingi avlod mashinalarini yaratishga yo‘naltirilgan yangi kasblarga talab nihoyatda yuqori. «Coursera» xalqaro o‘quv markazi vakili Ragxav Gupta sun’iy intellektni o‘rganish kurslariga yozilgan o‘zbekistonliklar soni 683 foizga ortganidan hayratda ekanini bildirdi. 2022-yil boshida Toshkentdagi Inha universiteti talabasi Shahriyor Xudoyberdiyev «Machine Learning Community» klubiga asos solgan edi. Bugungi kunda ushbu hamjamiyat 700 dan ortiq yosh muhandis, olim va dasturchilarni birlashtirmoqda.

Taraqqiyotning bu yo‘nalishi ulkan foyda keltirishi shubhasiz. Davlatimiz rahbari tomonidan Sun’iy intellekt texnologiyalari markazini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Ushbu markaz aqlli mashinalarni sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, bank, soliq va bojxona sohalariga joriy etish bilan shug‘ullanadi. Shavkat Mirziyoyev ushbu sohadagi startap-loyihalarni investitsiyalash va moliyalashtirish uchun barcha sharoitlarni yaratish vaqti kelganini alohida ta’kidladi.

Vaqtni to‘xtatib bo‘lmaydi. Tez orada fidoyi dasturchilar O‘zbekistonning yangi elitasiga aylanadi. Ammo jurnalistlar taqdiri nima bo‘ladi? O‘zA axborot agentligida allaqachon virtual boshlovchi ish boshladi. U to‘qqiz tilda so‘zlay oladi va tashqi ko‘rinishidan odamdan aslo farq qilmaydi. Balki, bizga ham o‘zimizni raqamlashtirib, virtual olamga ravona bo‘lish hamda oqshomlari ChatGPT bilan shaxmat o‘ynash vaqti kelgandir?