Yurak uchun yoz: Istisno qoidalari

Yoz fasli organizm uchun har doim ham hordiq maskani emas. Jazirama issiq, suvsizlanish, hayot maromining o‘zgarishi va qisqa muddatda qomatni tiklashga bo‘lgan ishtiyoq, ayniqsa, yurak uchun og‘ir sinovga aylanadi. Shifokorlar uchun bu mavsum yaxshi tanish: bemorlar nafaqat quyoshda toblangan tanasi, balki yuqori qon bosimi, tezlashgan puls va bezovtalik bilan murojaat qilishadi. Zero, kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonda qayd etilgan o‘lim holatlarining yarmidan ko‘pi — 57 foizdan ortig‘i qon aylanish tizimi xastaliklari bilan bog‘liq. Bu ko‘rsatkich erkaklar orasida ayollarga nisbatan yuqori. Vaziyat jiddiy bo‘lsa-da, ijobiy o‘zgarishlar ham yo‘q emas: mamlakatimizda keng qo‘llanilayotgan zamonaviy tibbiy imkoniyatlar tufayli tashxis qo‘yish sifati yaxshilanmoqda. Yuqori aniqlikdagi UTT, KT hamda endovaskulyar diagnostika va davolash usullari bugun respublikamizning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yilgan.
Biroq asosiy xavf-xatarni ko‘pincha o‘zimiz vujudga keltiramiz. Yoz — tana tuzilishini yaxshilash ilinjidagi keskin jismoniy zo‘riqishlar va o‘ylamasdan qilingan marafonlar davri. Holbuki, tadqiqotlar ekstremal kardio-mashg‘ulotlar sportchilar orasida to‘satdan yurak to‘xtashi xavfini sezilarli darajada oshirishini ko‘rsatmoqda. Sog‘lom yurak rekordlarni emas, balki me’yorni xush ko‘radi.
Buning o‘rniga kundalik tartibga yengil jismoniy mashqlarni qo‘shish, uyquni tartibga solish (7–8 soatlik uyqu shart) va jaziramada har 45 daqiqada dam olish tavsiya etiladi. Soyadagi bor-yo‘g‘i 2 daqiqalik tanaffus va bir qultum suv qon quyuqlashishi hamda tromboz xavfini kamaytiradi.
Ushbu yozning asosiy qoidasini yodda tuting: yurak shunchaki zo‘riqtirib mashq qildiriladigan mushak emas, balki ehtiyotkorlik bilan asralishi lozim bo‘lgan murakkab bir a’zodir. Zero, ko‘rkam qomat yaxshi, ammo uzilishlarsiz ishlaydigan sog‘lom yurak — bebaho boylikdir.
Kardiologdan «Yurak + yoz» qo‘llanmasi
Puls nazorati: maksimal ko‘rsatkichning 60–80 foizi (hisoblash: 220 dan yoshingizni ayirasiz). Undan yuqorisi — foyda emas, balki xavfdir.
10 ming qadam shart emas: Harvard tadqiqotlari kuniga 7 500 qadam yetarli ekanini isbotladi. Undan ortiqcha qadamlar umr davomiyligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.\
Haftada ikki marta kuch ishlatiladigan mashqlar: 12–15 marta ko‘tara oladigan vazn bilan ishlash bo‘g‘imlarga yuklama bermasdan, mushak va tomirlarni mustahkamlaydi.
Uch R qoidasi: Har kuni rang-barang sabzavotlar, rangli (butun) donli mahsulotlar va raso (toza) oqsillar tanovul qiling. Shakar va qahva suv o‘rnini bosmaydi; har bir kilogramm vazn uchun 30 millilitr toza suv ichish lozim.
Yillik kardio-tekshiruv: EKG, xolesterin miqdori va qon bosimi nazorati shart. Ko‘krak qafasidagi og‘riq — darhol shifokorga (Guglga emas!) murojaat qilish uchun jiddiy signaldir.












