Yoshlardagi insult: kutishni bilmaydigan avlod xastaligi

Yoshlardagi insult: kutishni bilmaydigan avlod xastaligi

Ko‘z o‘ngimizda xastalikning odatiy ssenariysi pinhona va ayyorona tarzda o‘zgarmoqda. Uzoq vaqt davomida jamiyat tomonidan inson umrining tabiiy yakuni sifatida qabul qilingan insult bugun yosh tanlamay qo‘ydi. Dunyo shifokorlari ushbu qon tomir falokatining tobora yosharib borayotgani haqida bong urishmoqda. Hozirda har besh nafar insultga chalingan bemordan biri 20 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan davrni tashkil etmoqda. Kechagina ishbilarmonlik muzokaralarini ishonch bilan olib borgan yoki farzandlarini uyquga yotqizgan insonlar haqida gap ketganda, statistika shunchaki raqamlar bo‘lmay qoladi.

Ushbu paradoksning sabablari ham ayon, ham tashvishlidir. Yoshlardagi insultning yangi demografiyasi o‘z salomatligiga bepisandlik va shiddatli hayot sur’ati tutashgan joyda shakllanmoqda. Surunkali stress darajasi yuqori bo‘lgan yirik shaharlarda 30 yoshlilar orasida gipertoniya tarqalishi deyarli chorak qismni tashkil etmoqda. Bunga metabolik buzilishlar — semizlik, lipid va uglevod almashinuvi buzilishi, kamharakatlik hamda surunkali uyqu yetishmasligi ham qo‘shilmoqda.

Biroq yoshlar orasida insult ko‘payishini faqat hayot tarzi bilan izohlash yuzaki yondashuv bo‘lar edi. Nevrologlar amaliyotida hech qanday aniq qo‘zg‘atuvchi omillari bo‘lmagan — yosh, sport bilan shug‘ullanadigan va chekmaydigan bemorlar ko‘p uchrayapti. Bunday hollarda yashirin kardiologik va qon tomir anomaliyalari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Masalan, 35 yoshli moliyaviy tahlilchi uchun oddiygina sport mashqidan so‘ng uyqu arteriyasi devorining qatlamlanishi insultga sabab bo‘lishi mumkin. 28 yoshli ayol bemorda esa gormonal kontratseptivlar qabul qilish, chekish va aura bilan kechadigan migren birgalikda shifokorlar trombogen triada deb ataydigan xavfli kombinatsiyani yuzaga keltirishi mumkin.

Yoshlarda insultning klinik manzarasi har doim ham klassik tasavvurlarga mos kelmaydi. Harakatlanish yoki nutqning yaqqol yo‘qolishi o‘rniga, alomatlar birmuncha yumshoq ko‘rinishi mumkin: yuzning qisqa muddatli uyushishi, yengil bosh aylanishi, ko‘z oldida uchqunlar paydo bo‘lishi yoki nutqning noaniqligi. Bunday holatlar yarim soat ichida o‘tib ketadi va yoqimsiz tushunmovchilik sifatida unutiladi. Ammo shifokorlar tomonidan tranzitor ishemik hujumlar deb ataladigan aynan mana shu epizodlar 20 foiz holatlarda qaytib bo‘lmas oqibatlarga olib keluvchi katta insultdan darak beradi.

Zamonaviy tibbiyot shunchalik rivojlangan bo‘lsa-da, nima uchun yoshlar orasida insult ko‘payishda davom etmoqda? Sababi ko‘pincha tashxis yoki davolash usullari yetishmasligida emas, balki insonning kutish va mo‘jizaga umid qilish odatidadir. Insult tezkor aralashuvni talab qiladi — shifokorlarda trombolitik terapiya yordamida miyada qon aylanishini tiklash uchun taxminan to‘rt soat vaqt bo‘ladi. Ammo bemorlar ko‘pincha alomatlar o‘z-o‘zidan o‘tib ketishiga umid qilib, kutishni afzal ko‘rashadi. Bu noto‘g‘ri umid ba’zan halokatli yakun topadi.

Shuni yodda tutish kerakki, yosh bemorlarda hatto sezuvchanlik yoki nutqning arzimagan buzilishi ham darhol harakatga o‘tish uchun sabab bo‘lishi lozim. Tipik belgilarni kutib o‘tirmang, chunki real hayotda insult ko‘pincha hech qanday ogohlantirishsiz keladi. Profilaktika sifatida qon bosimi, qand va xolesterin darajasini nazorat qilishni, chekishdan voz kechishni, muntazam jismoniy faollikni va uyqu rejimiga rioya qilishni tavsiya etaman. Ayniqsa, irsiy moyilligi borlar yoki avvalroq uyushish, holsizlik va g‘ayritabiiy bosh og‘rig‘iga duch kelganlar ehtiyot bo‘lishlari lozim. Bunday har bir holat nevrolog va qon tomir mutaxassisi ko‘rigidan o‘tish uchun jiddiy signaldir.

Insult qarilikni kutib o‘tirmaydi, ammo bizning o‘z salomatligimizga bo‘lgan munosabatimiz hamon kechikmoqda. Qon tomirlari holatiga oqilona e’tibor berish shunchaki tibbiy tavsiya emas, kundalik madaniyatimizning bir qismiga aylanishi kerak. Zero, qon tomir falokatlaridan xoli uzoq umr ko‘rish huquqi yoshga emas, balki o‘z organizmimizni vaqtida eshita olish qobiliyatimizga bog‘liq.

Insultni o‘z vaqtida aniqlash uchun FAST shkalasidan foydalaniladi:

Hill

F — Face (Yuz). Ko‘zguga qarang yoki suhbatdoshingizdan so‘rang: tabassumda qiyshayish bormi?

Hill

A — Arm (Qo‘l). Qo‘lingizni oldinga cho‘za olasizmi, bunga kuchingiz yetadimi?

Hill

S — Speech (Nutq). Ism-sharifingizni aytib ko‘ring — nutqingiz aniqmi yoki so‘zlar chalkashib ketyaptimi?

T — Time (Vaqt). Miya shikastlanishining oldini olish uchun sizda kasallik belgilari boshlanganidan so‘ng 4,5 soatgacha vaqt bor.