BOVET tarixi: an'analarda muhrlangan vaqt san'ati

Shveysariya soatsozlik sanoatining poyonsiz ufqlarida shunday bir nom borki, u nafaqat yuksak mahoratni, balki haqiqiy san’at va betakror uslubni ifodalaydi — bu Bovet brendidir. Ikki asrdan ziyod vaqt davomida ushbu kompaniya o‘zining beqiyos sifati hamda Sharq va G‘arb ohanglaridan ilhomlangan dizayn yechimlari bilan dunyoga dong taratib kelmoqda.
DURDONANING TUG‘ILISHI: TARIXNING BOSHLANISHI
Bovet tarixi 1822-yilda, soatsozlar oilasining to‘rt o‘g‘lidan biri bo‘lgan Eduard Bove Xitoyga yo‘l olganidan boshlanadi. Aynan shu sayohat brend taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynadi. O‘sha davrda Xitoy tashqi dunyo uchun yopiq mamlakat bo‘lishiga qaramay, Eduard o‘z aloqalari tufayli mahalliy aristokratlar bilan savdo munosabatlarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Xitoy aslzodalari Shveysariya soatlarining nafis naqshinkorligi, filigran o‘ymakorligi, sadaf va emal bilan bezatilganiga yuqori baho berardilar. Qiziqarli fakt: Bovet’ning ilk buyurtmalaridan biri qo‘sh siferblatli cho‘ntak soatlari bo‘lib, bu egasiga nafaqat vaqtni kuzatish, balki haqiqiy san’at asaridan zavqlanish imkonini ham berar edi.
SHARQDAN ILHOMLANGAN DIZAYN
XIX asrda Bovet Xitoy bozoridagi eng talabgir soat brendiga aylandi. Kompaniya soatlari nafaqat aniqligi, balki Yevropa va Sharq motivlarini uyg‘unlashtirgan hayratlanarli tashqi ko‘rinishi bilan ham ajralib turardi. Dekorativ elementlarga — tabiat tasvirlari, hayvonlar va hatto portretlar tushirilgan emal miniatyuralariga katta e’tibor berilgan. Buning sharofati bilan Bovet qisqa vaqt ichida Xitoy zodagonlari orasida haqiqiy afsonaga aylanib, xalqaro miqyosda mashhurlikka erishdi.
PASKAL RAFFINING BOVET BRENDI RIVOJIGA QO‘SHGAN HISSASI
2001-yilda Shveysariyaning Bovet brendi fransuz huquqshunosi, farmatsevtika biznesi egasi va ashaddiy soat kolleksiyachisi Paskal Raffi tasarrufiga o‘tdi. Raffi o‘z oldiga ulkan maqsad qo‘ydi: brendning boy merosini saqlab qolgan holda, uni zamonaviy voqelikka moslab qayta tiklash. Buning uchun u cheklangan miqdordagi yuqori sifatli, qo‘lda ishlangan kolleksion soatlar ishlab chiqarish strategiyasini ishlab chiqdi.
Ushbu strategiyaning muhim bosqichi sifatida 2006-yilda bir nechta manufakturalar, jumladan, soat mexanizmlari va butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan STT Holding (keyinchalik Dimier 1738 deb qayta nomlangan) sotib olindi. Bu Bovet’ga to‘liq ishlab chiqarish siklini yo‘lga qo‘yish va tashqi yetkazib beruvchilardan mustaqil bo‘lish imkonini berdi. O‘sha yili Raffi bir paytlar Bove oilasiga tegishli bo‘lgan tarixiy Château de Môtiers qasrini sotib oldi va uni brendning asosiy fabrikasiga aylantirdi. Bu o‘tmishga qaytish va brend tarixi bilan mustahkam aloqa o‘rnatishning ramziy belgisi edi.
Paskal Raffi rahbarligida Bovet turbiyonlar va minutli repetirlar kabi murakkab mexanizmlarni yaratishda innovatsiyalarni davom ettirdi. Shu bilan birga, miniatyura rangtasviri va o‘ymakorlik kabi an’anaviy bezash usullari saqlab qolindi. Bunday yondashuv butun dunyodagi kolleksionerlar va soat san’ati ixlosmandlarining e’tiborini tortgan noyob modellarni yaratishga xizmat qildi.
Shu tariqa, Paskal Raffining uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati va sa’y-harakatlari tufayli Bovet nafaqat o‘zining tarixiy merosini saqlab qoldi, balki brend ixlosmandlarini eksklyuziv hamda yuqori sifatli mahsulotlar bilan xushnud etishda davom etib, hashamatli soatlar bozoridagi o‘z mavqeini yanada mustahkamladi.
TEXNOLOGIYA VA INNOVATSIYALAR
Brend rivojidagi muhim kashfiyotlardan biri 1800-yillarda yaratilgan shaffof orqa qopqoq, 1889-yildagi teskari start funksiyasiga ega maxsus xronograf va 1930-yillardagi soddalashtirilgan xronograf bo‘ldi. Eduard Bove va uning ustalari mexanizmlarning aniqligi va ishonchliligi borasida mislsiz yutuqlarga erishib, xalqaro maydonda ko‘plab mukofotlar va e’tirofga sazovor bo‘lishdi.
Yana bir muhim voqea — Amadeo mexanizmining joriy etilishidir. XXI asrda ishlab chiqilgan ushbu tizim soat egalariga qo‘l soatini cho‘ntak soatiga yoki stol soatiga aylantirish imkonini beradi. Bu yangilik Bovet brendining nafaqat an’analarga, balki zamonaviy texnologiyalarga ham sodiqligini namoyon etadi.
YUTUQLAR VA MUKOFOTLAR
2018-yil. GPHG (Aiguille d'Or) — Jeneva soatsozlik oliy mukofotining "Oltin mil" sovrini Récital 22 Grand Récital modeliga topshirildi. U turbiyon, abadiy taqvim va astronomik ko‘rsatkichlarga ega murakkab mexanizmi bilan soatsozlik durdonasi deb tan olindi.
2020-yil. Récital 26 Chapter Two modeli GPHG mukofotining "Mexanik mukammallik" (Mechanical Exception Prize) yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Unda turbiyon, dunyo vaqti va oy fazalarining o‘ta aniq ko‘rsatkichi sapfir shisha korpusda uyg‘unlashgan. Miss Audrey soati esa bezak san’atining yuksak sifati va Amadeo® innovatsion tizimi uchun "Ayollar soati" (Ladies' Watch Prize) mukofotiga loyiq ko‘rildi.
2021-yil. Middle East Watch and Jewellery of the Year Awards: Monsieur Bovet modeli "Eng yaxshi klassik soat" (Best Classical Watch) nominatsiyasid g‘olib chiqdi.
2022-yil. Lifetime Gala Awards 2022 Europe: Orbis Mundi modeli "Sayohat mexanizmlari uchun maxsus mukofot" (Special Award Lifetime Travelling Machines) toifasida taqdirlandi.
2023-yil. Lifetime Gala Awards 2023 Europe: The Virtuoso XI modeli "Shoh asar" (Lifetime Masterpiece) mukofotiga sazovor bo‘ldi.
2024-yil.
Watch of the
Year: The Recital 28 Prowess 1 modeli Robb Report nashri talqiniga ko‘ra "Yil soati" deb topildi. Récital 20 Astérium soati esa o‘zining innovatsion dizayni va samoviy jismlar tasviri bilan GPHG’ning "Astronomik soatlar" nominatsiyasida g‘alaba qozondi.
Bovet tarixi — bu avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ishtiyoq, san’at va mahorat hikoyasidir. G‘arb dunyosi uchun yopiq bo‘lgan mamlakatda o‘z faoliyatini boshlagan kichik oilaviy biznesdan tortib, dunyodagi eng nufuzli brend darajasigacha bo‘lgan yo‘l. Bovet soat ko‘rinishidagi san’at asarlarini yaratishda davom etmoqda. An’analar va innovatsiyalar uyg‘unligi ushbu brendni vaqtning haqiqiy posboniga aylantiradi.
Bovet soatlari shunchaki vaqtni o‘lchaydigan mexanizmlar emas, balki davrlar va madaniyatlarni bog‘lovchi noyob asarlardir. Ular vaqt — bu san’at, san’at esa boqiy ekanligini eslatib turadi.
BOVET: AN'ANALARDA MUHRLANGAN VAQT SAN'ATI












