Xoren Abramyan bilan intervyu: muvaffaqiyat yo‘li va O‘zbekistonga investitsiyalar

Xoren Abramyan — O‘zbekistonda nafaqat biznesni rivojlantirayotgan, balki xayriya va mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda yuksaltirishga faol hissa qo‘shishni niyat qilgan muvaffaqiyatli xorijiy investor namunasidir. U yil sayin keng ko‘lamli iqtisodiy jarayonlarning bir qismiga aylanib bormoqda. Kompaniyaning yirik loyihalari Angliya, BAA, Armaniston, Hindiston, AQSH va Rossiyada ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
PROFESSIONAL FAOLIYAT
Biznesdagi yo‘lingizni qayerdan boshlagansiz? O‘zbekiston bozori sizni investor sifatida nima bilan jalb qildi va TOUS hamda TIME butiklarini ochishingizga nima turtki bo‘ldi?
Tadbirkorlikdagi ilk qadamlarim o‘smirlik chog‘imda London va Armanistonda boshlangan, biroq jiddiy tajribani aynan Angliyada to‘plaganman. O‘zbekiston o‘z tarixi, boy madaniyati va yuksak marralarga intilishi bilan meni hamisha o‘ziga rom etgan. Mamlakatning shiddat bilan rivojlanayotgani, hukumat tomonidan tadbirkorlar va xalq uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarni ko‘rib, O‘zbekistonning ulkan salohiyatga ega ekanligini angladim. Qonunchilik va soliq siyosatidagi islohotlar tufayli mamlakat xorijiy investorlar uchun yanada jozibador bo‘lib bormoqda. O‘zbekiston o‘zgarmoqda va bu muvaffaqiyatli biznes uchun qulay sharoit yaratmoqda. Bugun biz keng qamrovli do‘konlar tarmog‘ini kengaytiryapmiz va sarmoya kiritish uchun yangi istiqbolli yo‘nalishlarni o‘rganyapmiz.
O‘zbekistonda va dunyoda moda hamda zargarlik buyumlari sohasidagi qaysi tendensiyalarni eng istiqbolli deb hisoblaysiz?
O‘zbekiston moda va hashamat industriyasini faol o‘zlashtirmoqda. Jahon brendlari bu yerda ayniqsa yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda va ommalashmoqda. O‘zbekiston yoshlari o‘ziga xos uslubga ega va zamonaviy, bu esa quvonarli hol. O‘zbekiston — qudratli salohiyatga ega mamlakat. Ishonchim komilki, kelajakda bu sohalar yanada ravnaq topadi. Men ushbu jarayonning bir qismi bo‘lishdan mamnunman.
O‘zbekistonda biznesni kengaytirish bo‘yicha qanday rejalaringiz bor?
Biz bu yerda yirik xolding tashkil etishni maqsad qilganmiz. Hozirda tibbiyotdan tortib chakana savdogacha bo‘lgan turli sohalarni tahlil qilyapmiz. Biznesdan tashqari, boshqa mamlakatlarda xayriya ishlari bilan ham faol shug‘ullanamiz. "Xoren Abramyan" jamg‘armasi orqali madaniyat sohasidagi loyihalarni, "Meduni" jamg‘armasi orqali esa Armaniston va AQSHdagi tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekistonda ham xuddi shunday xayriya loyihalarini amalga oshirishni boshlamoqchimiz.
Biznes uchun brendlar va yo‘nalishlarni qanday tanlaysiz?
Biz dunyoga mashhur premium brendlarga e’tibor qaratamiz. Masalan, TIME butiklarimizda 50 dan ortiq soat brendlari taqdim etilgan, TOUS esa yoshlarga juda manzur bo‘lgan mashhur Ispaniya markasidir. Mijozlarimiz talabini qondirish uchun assortimentni yanada boyitishga tayyormiz.Franchayzing bo‘lish siz uchun nimani anglatadi? Ushbu biznes modelining qanday afzalliklarini ko‘rasiz?
Franchayzing — bu sinalgan va muvaffaqiyatli jahon brendlari bilan ishlashning samarali usulidir. Portfelimizdagi Intimissimi, Intimissimi Uomo, Calzedonia va Tezenis kabi franchizalar bozorda jadal rivojlanmoqda. Bu model katta jamoa va tayyor biznes jarayonlari bilan hamnafas ishlash imkonini beradi. Bu ayniqsa tez moslashish talab etiladigan yangi bozorlar uchun juda muhim. Kelajakda shaxsiy brendimizni yaratishimiz ham mumkin, ammo hozircha franchayzing formatida ishlash biz uchun qiziqroq.
O‘zbekiston, , Armaniston, Hindiston va boshqa mamlakatlarda loyihalarni muvaffaqiyatli boshqarishga qanday erishasiz?
Har qanday muvaffaqiyatli biznesning asosi — mustahkam hamkorlik va professional jamoa. Yaqin do‘stim va biznes hamkorim Oleg Kalayev bilan qarashlarimiz va dunyoqarashimiz juda o‘xshash. Birgalikda xorijda bir qancha muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirdik, hozirda O‘zbekiston, Armaniston va Hindistonda yangi ufqlarni zabt etib, faoliyatimizni kengaytiryapmiz.
Eng dadil g‘oyalaringizdan qaysilari amalga oshdi va ular biznesingizga qanday ta’sir qildi?Faoliyatim yorqin lahzalar va dadil qarorlarga boy. Men doim yangi g‘oyalarga intilaman va tavakkal qilishdan qo‘rqmayman, chunki bu tadbirkorlik yo‘lining ajralmas qismidir. Ba’zan qarorlar ichki sezgi asosida qabul qilinadi, lekin aynan shunday dadillik biznes uchun yangi istiqbollarni ochib beradi.
O‘zbekistonning nimalari sizga ko‘proq yoqadi va uning kelajagini qanday baholaysiz?Men O‘zbekistonni, uning tarixini, madaniyatini va samimiy xalqini sevib qoldim. Bu — ulkan salohiyatga ega go‘zal mamlakat. Prezident Shavkat Mirziyoyevga va hukumatga vatanparvarliklari hamda biznes muhitini yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston kundan-kunga gullab-yashnamoqda va ishonchim komilki, bunday kuchli jamoa bilan u investorlar va sayyohlar uchun eng jozibador manzillardan biri bo‘lib qoladi. Bu — kelajak mamlakati.
SHAXSIY HAYOT VA QIZIQISHLAR
Aytishlaricha, tadbirkorlik ruhi qonda bo‘ladi. Shaxsiy hayot va professional faoliyat o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga qay darajada erishasiz?
Tadbirkor bo‘lish — tug‘ma san’at va iste’doddir. Men uchun shaxsiy hayot va biznes o‘rtasida qat’iy chegara yo‘q. Bularning barchasi — yaxlit hayot tarzi. Biznes va hordiq o‘zaro uyg‘unlashib ketgan, ish — mening zavqim va energiya manbayimdir. Men alohida muvozanat qidirmayman, chunki bu hayotimning ajralmas qismidir.
Fransuz maktabida ta’lim olish dunyoqarashingiz va biznesga bo‘lgan munosabatingizga qanday ta’sir qildi?
Bu ufqlarimni juda kengaytirdi, chunki butun o‘quv dasturi fransuz tilida edi. Biz fransuz madaniyati bilan yaqindan tanishdik, turli tadbirlarda qatnashdik. Bu tajriba dunyoni anglashimga yordam berdi, nafaqat bilimlarni, balki madaniyat va san’atni ham qadrlashni o‘rgatdi.
Oila hayotingizda qanday o‘rin tutadi? U sizni yangi tashabbuslarda qanday qo‘llab-quvvatlaydi?
Oila — eng muqaddas qadriyat. Men an’analar va hurmat e’zozlanadigan oilada voyaga yetganman. Turmush o‘rtog‘im va onamning ma’naviy ko‘magi men uchun juda muhim — har bir erkak uchun bu hayotiy zaruriyat. Bu meni doim oldinga chorlaydi. Men uchun moliyaviy yordam emas, balki to‘g‘ri tarbiya va ota-onamdan meros qolgan olijanob qadriyatlar qadrliroqdir.
Erkaklar ayollardagi qaysi uchta xislatni ko‘proq qadrlashadi?
Pushkin Vyazemskiyga yozgan maktubida erkak kishi, ayniqsa olijanob inson uchun nimalar muhimligini juda aniq ta’riflagan. Ideal ayol — u iboli, yaxshi oiladan chiqqan, bilimli, go‘zal va ma’nan yuksak bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, u munosabatlarda ehtirosli va his-tuyg‘ularga boy bo‘lishi ham muhim. Nazarimda, Pushkin aytganidek, ko‘plab muvaffaqiyatli erkaklar aynan mana shu uyg‘unlikni qadrlashadi.
Qiziqishlar inson hayotida muvozanat topishga yordam beradi. Sizning xobbilaringiz nimalardan iborat va ular hayotingizda qanchalik muhim o‘rin tutadi?
Sport — hayotimning ajralmas bo‘lagi. Boks bilan professional darajada shug‘ullanganman. Shaxmatni juda yaxshi ko‘raman: bolaligimdan otam va bobom o‘rgatishgan, hozirda birinchi razryad egasiman. Ot poygalariga qiziqaman. Ijod ham men uchun juda ahamiyatli. Men san’atni sevaman: rangtasvir, opera, sifatli kinematografiya — bular meni ma’nan boyitadi va kuch beradi.
Sayohatlar hayotingizning bir qismiga aylangan. Ulardan qaysi biri sizda eng katta taassurot qoldirdi?
Men uchun alohida ajratib ko‘rsatadigan joy yo‘q. Borgan har bir go‘shamni birdek sevaman. Har bir mamlakat, har bir shahar o‘ziga xos ruh va takrorlanmas muhitga ega. Sayohat davomida yangi joylardan quvvat olaman, u yerning madaniyati va odamlari bilan yaqindan tanishishga intilaman. Men doim harakatdaman va yangi ufqlarga ochiqman. Qishning qori va kontrastlarini ham, yoz, kuz hamda bahorning tarovatini ham birdek qadrlayman. Hayotning har bir lahzasi mo‘jiza, uni asrash kerak.
ILHOM VA SHAXSIY FAZILATLAR
Zamonaviy biznes sharoitida motivatsiya va kuchni qanday saqlab qolasiz?
Men uchun motivatsiya tashqi omil emas, u ichki ehtiyojdir. Ish — shunchaki majburiyat emas, balki zavq, hayajon va ulkan quvvat manbayidir. O‘zimni doimiy harakatsiz tasavvur qila olmayman. Bu — mening hayot tarzim.
Shaxsiy va professional rivojlanishda qaysi qadriyatlarni asosiy deb hisoblaysiz?
Sadoqat va halollik. Inson o‘ziga va o‘z tamoyillariga sodiq qolishi lozim. Biznesda ham, hayotda ham o‘zaro anglashuv va ishonch juda muhim. Jamoadoshlarimni aynan shu xislatlari uchun qadrlayman. Bundan tashqari, muvaffaqiyatli tadbirkor uchun qat’iyat, jasorat va keng ko‘lamli fikrlash — hal qiluvchi fazilatlardir. Inson doim o‘z ustida ishlashi, ya’ni ma’nan boyishi, Yaratganga ishonishi, jismoniy holatini yaxshilashi va bilimini oshirib borishi zarur. Muvaffaqiyatga kompleks yondashuv orqali erishiladi: bu nafaqat tavakkal qilish, balki o‘z ustida ishlash va ko‘nikmalarni muttasil takomillashtirish demakdir.
Tajribangizdan kelib chiqib, yosh tadbirkorlar uchun foydali bo‘ladigan qanday saboqlarni chiqargansiz?
Asosiy saboq — orzu qilish va harakatdan to‘xtamaslik. Hech qachon shubhalar sizni maqsadingizdan qaytarishiga yo‘l qo‘ymang. Xatolar — bu tajriba uchun kiritilgan sarmoyadir. Sizni to‘xtatmoqchi bo‘lganlarga e’tibor bermasdan, faqat olg‘a intilish kerak. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, yo‘lda davom etish eng muhimi.
BLITS1. O‘zbekiston madaniyati yoki biznesidagi siz uchun eng kutilmagan kashfiyot nima bo‘ldi?
Insonlar. O‘zbekistonda odamlar nihoyatda samimiy, mehmondost va xorijliklarga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi. Bu yerda har bir kishi o‘zini mehmondagidek emas, balki o‘z uyidagidek his qiladi. Bunday bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik meni hayratda qoldirdi.
2. Agar eksport uchun bitta o‘zbek milliy mahsulotini tanlash imkoni bo‘lsa, nimani tanlagan bo‘lardingiz?
Buxoro gilamlari. Ular — o‘zbek madaniyatining timsolidir. Takrorlanmas naqshlari va yuksak sifati bilan jahon bozorida bemalol raqobatlashadi. Shuningdek, sifat darajasi yuqori bo‘lgan ipak matolarini ham tanlagan bo‘lardim, chunki ularga bo‘lgan qiziqish dunyoda hech qachon so‘nmaydi.
3. Agar sizga o‘tmishdagi yoki hozirgi mashhur o‘zbek siymolaridan biri bilan bir kun o‘tkazish imkoni berilsa, kimni tanlar edingiz?
XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi Abdulla Qahhorni tanlagan bo‘lardim. U milliy adabiyotimizda chuqur iz qoldirgan adibdir. Uning asarlari axloq, adolat va hayot haqiqatini izlash kabi muhim mavzularni qamrab oladi. U bilan murakkab ijtimoiy-siyosiy davrda qanday qilib bunday falsafiy va kuchli asarlar yaratgani haqida suhbatlashish juda qiziqarli bo‘lardi. Shuningdek, adabiyotning milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni va san’atning jamiyatni o‘zgartirish kuchi haqida fikrlarini bilishni istardim. Albatta, buyuk sarkarda va strateg Amir Temur bilan ham tanishishni xohlardim. Uning yetakchilik qobiliyati va keng ko‘lamli qarorlar qabul qilish mahorati bugungi kunda ham ko‘pchilikni ilhomlantiradi.
4. O‘zbekistonda biznes yuritish haqidagi qaysi afsona yoki stereotipni yo‘qqa chiqara oldingiz?
Eng keng tarqalgan yanglish tasavvurlardan biri — O‘zbekistonda biznes yuritish chidab bo‘lmas byurokratiya va korrupsiya bilan bog‘liq degan qarashdir. Ko‘pchilikka hamma narsa faqat shaxsiy tanish-bilishchilikka asoslangandek tuyuladi. Aslida esa mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, har bir davlatning o‘ziga xos jihatlari bor, biroq yildan-yilga biznes yuritish osonlashib, qulayliklar ortib bormoqda.
5. O‘zbekiston biznes hamjamiyatida sizni eng ko‘p nima ilhomlantiradi?
Rivojlanish sur’ati. Mamlakat o‘zgarishlarga tayyor. Odamlar o‘zining noyob madaniyatini saqlab qolgan holda, yangi g‘oya va imkoniyatlar uchun ochiqdir. Bu esa biznesga ulkan jo‘shqinlik va energiya bag‘ishlaydi.












