Xatolar — rivojlanish drayveri. 12 STOREEZ asoschilaridan biri Ivan Xoxlov bilan intervyu

12 STOREEZ — yangi davrning eng muvaffaqiyatli Rossiya fashion-brendlaridan biri. Instagram’dagi kichik do‘kondan boshlangan biznes bugun 5 ta davlatda 50 ta butikka ega, kuchli raqamli strategiya va o‘ziga xos vazmin hashamat estetikasiga asoslangan xalqaro kompaniyaga aylandi. HILL nashri Ivan Xoxlov bilan brendni tashqi investitsiyalarsiz rivojlantirish, inqirozni nega o‘sish drayveri deb hisoblashi, kompaniyadagi xatolar tahlili metodikasi hamda golfning jismoniy va ruhiy tetiklikdagi o‘rni haqida suhbatlashdi.
2014-yilda rafiqangiz va uning singlisi bilan biznesni mutlaqo noldan boshlagansiz. Bu shunchaki tavakkalchilik emas, balki butun umrlik ish ekanini qachon anglagansiz?
Bir necha oydan so‘ng. Biz tez o‘sdik, ammo xarajatlarni minimal darajada ushlab turdik: suratga olish ishlarini o‘zimiz bajardik, reklama esa o‘sha paytda bepul bo‘lgan Instagram orqali amalga oshirildi. Biznes deyarli dastlabki kunlardanoq foyda keltira boshladi — birinchi yilning o‘zidayoq dividendlar to‘ladik. O‘shanda bu ish nafaqat foyda keltirishi, balki zavq bag‘ishlashini ham tushundim. Boshqa sohalardagi murakkab tajribalardan so‘ng bu men uchun haqiqiy kashfiyot bo‘ldi — men shunchaki pul topmayapman, balki yangi narsa yaratyapman.
Bizning asosiy maqsadimiz — kiyim tikish emas, balki yaratish.
Faoliyatingiz boshidagi qaysi xatolarni eng foydali deb bilasiz va ular sizga nimalarni o‘rgatdi?
Ehtimol, ishlab chiqarishni to‘liq nazorat qilishga urinishimizdir. Pudratchini qutqarib qola olamiz deb o‘ylab, bino ijaraga oldik, uskunalar sotib oldik va xodimlarni ishga yolladik. Yarim yil davomida har hafta u yerga qatnab, maishiy muammolarni hal qilish bilan band bo‘ldim: kimningdir tomorqa ishi chiqib qolgan, boshqasida bichuvchi ishga kelmagan. Kunlarning birida ish kompyuterlarida Odnoklassniki tarmog‘ini bloklash uchun tizim administratoriga qo‘ng‘iroq qilayotib, butunlay boshqa ish bilan shug‘ullanayotganimni angladim. Shunda tushunib yetdik: ishlab chiqarish — mutlaqo boshqa biznes. Biz esa dizayn, mahsulot va servisga mas’ulmiz. Shundan so‘ng hamma narsani o‘zimiz qilamiz degan g‘oyadan voz kechdik. Har bir mutaxassis o‘z ishining ustasi bo‘lgan pudratchilar tizimini shakllantirish samaraliroq ekan. Hamma narsaga birdek yopishmaslik kerak. Bizning asosiy e’tiborimiz kiyim tikishga emas, balki g‘oya va mahsulot yaratishga qaratilgan.
Siz tez-tez xatolar ustida ishlash haqida gapirasiz. Sizda kamchiliklarni tahlil qilish va tuzatishning maxsus tizimi bormi?
Ha, bu o‘n yildirki bizning korporativ madaniyatimizning bir qismiga aylangan. Har qanday xatoni tahlil qilish imkonini beruvchi to‘rtta savoldan iborat metodika ishlab chiqqanmiz. Avvalo muammoni hal qilish, so‘ng uning kelib chiqish sababini aniqlash, keyin jarayonni shunday takrorlanmasligi uchun qayta ko‘rib chiqish va nihoyat, shunga o‘xshash holat yana qayerda yuz berishi mumkinligini o‘rganish kerak. Menimcha, xatolar ustida ishlash — rivojlanish drayveridir. Biroq odamlarga xatolarini tan olish har doim ham yoqmaydi, shuning uchun hozir xato so‘zini ijobiyroq tushunchaga, masalan, o‘sish nuqtasiga almashtirishni rejalashtiryapmiz. Bu ayniqsa odamlar yuzini yo‘qotishdan qo‘rqadigan Osiyo madaniyatida juda muhim. Biz xatoni tan olish mag‘lubiyat emas, balki professionallik ekanini tushuntirishga harakat qilamiz.Inqiroz paytida ko‘pchilik biznesini yopayotgan bir vaqtda siz yangi loyihani boshladingiz.
Boshqalar boshi berk ko‘cha deb bilgan vaziyatda imkoniyatlarni ko‘rishga nima yordam berdi?
Bizning o‘zimiz — inqiroz farzandlarimiz. Biz 2014-yilda, rubl kursi keskin tushib ketgan va yangi iste’mol paradigmasi shakllangan pallada ish boshladik. Ijtimoiy tarmoqlar endigina tijorat maydoniga aylanayotgan edi va biz to‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri joyda bo‘lib qoldik. Inqiroz — bu falokat emas, balki o‘zgarishlarning tezlashishidir. Muhimi, kompaniya ichidagi o‘zgarishlar tezligi tashqi muhitdan ortda qolmasligi kerak. Biz doimo moslashuvchan bo‘lishga va turg‘unlikka qarshi emlanib turishga intilamiz.
12 STOREEZ oilaviy loyihadan xalqaro miqyosdagi biznesga aylandi. Sizningcha, bu shiddatli o‘sishning asosiy omili nima?
Menimcha, mehnatsevarlik va sabr-toqat. Kuchli bosim ostida uzoq vaqt ishlashga hamma ham qodir emas. Biz — marafonchilarmiz. Dastlabki qadamlardanoq bu uzoq davom etadigan o‘yin ekanini tushunganmiz. Ish boshlaganimizdan bir oy o‘tib, matolar bilan tanishish va ilhomlanish uchun Milandagi ko‘rgazmaga bordik. Bu bizni ruhan chiniqtirdi.
Hozirda tushumingizning 12–13 foizi xorijiy bozorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiyadan tashqariga chiqishda eng qiyin jihat nima bo‘ldi?
Har bir mamlakat o‘ziga xos yondashuvni talab qiladi: marketing, kadrlar, madaniyat, hatto hayot maromi ham turlicha. Masalan, Qozog‘istonda allaqachon to‘rtta do‘konimiz bor, ba’zi joylarda esa bittasi bilan cheklanishga to‘g‘ri keladi. Mavjud modelni shunchaki ko‘chirish emas, balki mahalliy kontekstni hurmat qilgan holda moslashtirish juda muhim.
O‘n yildan ortiq vaqtdan beri golf bilan shug‘ullanasiz. Bu o‘yin siz uchun nima — shunchaki sportmi, hordiqmi yoki hamkorlar bilan norasmiy muloqot imkoniyatimi?
Golf — tanishlar orttirish vositasi emas, garchi muloqot ham muhim o‘rin tutsa-da. Bu, birinchi navbatda, o‘z ustida ishlash va faol meditatsiya turidir. Golf texnik jihatdan juda murakkab sport: bir vaqtning o‘zida o‘nlab mayda detallarni hisobga olishingiz kerak. U ham hayotga, ham biznesga o‘xshaydi — bu o‘yinda har kuni yangi saboq va donishmandlik topish mumkin.
Siz har bir yo‘nalishda — mahsulotda ham, servis va marketingda ham kuchli bo‘lish zarurligini ta’kidlaysiz. Aftidan, bu tamoyilni o‘zingizga nisbatan ham qo‘llaysiz. Sog‘lom turmush tarzi va uzoq umr ko‘rishga o‘zingiz hamda jamoangiz misolida qanday yondashasiz?
Sog‘liq — bu ham biznes yoki hayot kabi uzoq davom etuvchi marafon. Bir necha yil oldin salomatlikning eng asosiy omili uyqu ekanini angladim. Bu esa qat’iy intizomni talab qiladi: spirtli ichimliklardan voz kechish, barqaror uyqu tartibi, qorong‘i va salqin xona — men +18 daraja va undan pastroq haroratda uxlayman. Og‘ir adyol, ko‘z niqobidan foydalanaman, magniy qabul qilaman va uxlashdan oldin 20-30 daqiqa piyoda yuraman. Bu asab tizimini tinchlantirib, uyqu sifatini oshiradi. Buni shaxsiy namunamda ko‘rsatishga harakat qilaman. Ilgari jamoaga salomatlikni kuzatish uchun fitnes-bilakuzuklar sovg‘a qilardim, ammo har bir inson bunga o‘zi tayyor bo‘lib kelishi kerakligini tushundim. Shaxsiy maqsadim — 100 yildan ortiq yashash va kamida bir asr umr ko‘radigan kompaniya qurish. Zero, uzoq umr poydevori 60 yoshda emas, 35 va 55 yosh oralig‘ida quriladi. Vitamin, BFQ va boshqa qo‘shimchalar salomatlikka bor-yo‘g‘i 10-15 foiz ta’sir qilsa, uyqu va turmush tarzi qolgan 85 foiz natijani ta’minlaydi.
12 STOREEZ kolleksiyasida eng sevimli buyumingiz bormi? Nega aynan u?
Travel liniyasidagi kostyumimizni juda yaxshi ko‘raman. U universal: chamadonga solib qo‘yish, uchib borgach esa ilgakka osish kifoya — o‘zi tekislanib qoladi. Unda +25 darajada ham, +10 darajada ham o‘zingizni qulay his qilasiz. Material nafas oladi, tana haroratini boshqaradi va shaklini yo‘qotmaydi. Bu sayohatlarim uchun ajralmas kiyim — ham rasmiy, ham qulay va estetik. Biz boshidanoq faqat ilgichda chiroyli ko‘rinadigan emas, balki kiygan odamga xizmat qiladigan kiyimlar yaratganmiz. Bu kostyumni futbolka, ko‘ylak yoki krossovkalar bilan osongina moslashtirish mumkinligi menga yoqadi. Universallik — brendimizning asosiy negizidir.












