Trendlarni kuzatmasangiz, mablag‘ingiz xavf ostida qoladi: Yevgeniy Kogan bilan kriptovalyuta, investitsiya va moliyaviy savodxonlik haqida suhbat

33 yillik tajribaga ega moliyachi, media va ta’lim loyihalari asoschisi bo‘lgan qahramonimiz auditorlikdan boshlab, rusiyzabon moliya bozorining eng taniqli ekspertlaridan biri darajasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi suhbatdoshimiz — Yevgeniy Kogan. Intervyuda Yevgeniy muvaffaqiyat sirlari bilan o‘rtoqlashadi, kripto-bozorning o‘zgaruvchanligidan tortib Rossiyada startaplar rivojigacha bo‘lgan zamonaviy chaqiriqlar haqida o‘z qarashlarini bayon qiladi. Biroq bu hikoya nafaqat pul va xavf-xatarlar haqida.
Hayot doim oldinga intiladi, kompaniya esa mustaqil ravishda rivojlanadi. Tadbirkorning yo‘li — doim yangilik yaratishdir, bu yangilikni esa vaqtning o‘zi belgilaydi.
Faoliyatingizning qaysi bosqichini hal qiluvchi nuqta deb hisoblaysiz?
Men uchun barcha bosqichlar muhim. Tajriba — yillar davomidagi mehnat va turli sinovlar natijasidir. Men qariyb 33 yildan beri moliya bozorlarida, xususan, Rossiya va jahon maydonlarida faoliyat yuritib kelmoqdaman. Shu vaqt ichida ham iqtisodiy inqirozlarni, ham ko‘plab ibratli vaziyatlarni boshdan kechirdim. Voqealar juda ko‘p bo‘ldi. Mediabiznes ham men uchun mutlaqo yangi soha emas. Hali o‘tgan asrning 90-yillaridayoq gazetalarda o‘z ruknimni yuritar edim. Turli biznes loyihalariga asos soldim. Bularning barchasi — bozorni his qilish va biznes qurish mahoratini shakllantirgan katta tajribadir.
Tarjimai holingizda keskin burilishlar juda ko‘p: Isroilga ko‘chish, Rossiyaga qaytish, ikkinchi darajali aksiyalar bilan ishlash, 2008-yilgi inqiroz. Professional nuqtayi nazardan ushbu bosqichlarning qaysi biri eng qimmatli bo‘ldi?
Bunday muhim davrlardan biri Isroilga ko‘chib o‘tish bo‘lgan, bu hayotimdagi katta o‘zgarish edi. Investitsiyalar sohasidagi ixtisosligim ham kutilmaganda paydo bo‘ldi: aslida auditor edim, institutda buxgalteriya hisobi va xo‘jalik faoliyati tahlilini o‘rganganman. Xorijda yashab, ishlab yurgan kezlarimda ko‘plab yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirdim. Muhim voqealar sirasiga Benzing kompaniyasida investitsiya sirlarini o‘rganganimni ham kiritish mumkin. Bu tajribani bevosita amaliyotda — kompaniyalarni qo‘shib olish va sotib olish bo‘yicha yirik bitimlar qizg‘in pallaga kirgan paytda orttirganman. Rossiyada investitsiyalar bilan jiddiy shug‘ullanish va Antanta Kapital kompaniyasini tashkil etishda ham shunday bo‘ldi. Bugungi kunga kelsak: Dubayda developerlik sohasida ish boshlash ham o‘ziga xos yangi sahifa. Garchi boshqa tomondan qarasak, bu ham samarali sarmoya kiritishning yana bir usulidir.
Rossiyaning zamonaviy startaplar va investitsiyalar bozorini qanday baholaysiz? Geosiyosiy qiyinchiliklarga qaramay, unda o‘sish salohiyati bormi?
Bu yo‘nalish nihoyatda qiziqarli. Rossiyada bu soha, ayniqsa startaplar va ushbu biznesning tizimli infratuzilmasi hali unchalik rivojlanmagan. AQSH va Isroil kabi mamlakatlarda bu allaqachon ulkan sanoatga aylangan. U yerda hamma narsa mukammal yo‘lga qo‘yilgan: ushbu segmentga ixtisoslashgan professional investorlardan tortib, maxsus fondlar, davlat kafolatlari va soliq imtiyozlarigacha. Shuningdek, turli investitsion raundlarning uzluksiz oqimi mavjud. Rossiyada ham bular bor, biroq u yerlardagidek keng ko‘lamli, konveyerga qo‘yilgan tizimli biznes hozircha yo‘q. Shunga qaramay, yo‘nalishlar rivojlanishda davom etmoqda. Investitsion platformalar yaratilyapti va davlat ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda.
Ushbu segmentda O‘zbekiston bozori haqida nima deya olasiz? Qaysi yo‘nalishlar eng istiqbolli?
O‘zbekiston so‘nggi yillarda investitsiya muhiti va startap ekotizimini rivojlantirish borasida ulkan qadamlar tashladi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, raqamlashtirish, soliq imtiyozlari va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar biznes o‘sishi uchun qulay sharoit yaratmoqda. Shunga qaramay, bozor hali shakllanish bosqichida bo‘lib, unda venchur kapitalining yetishmasligi, yetuk fondlar va tajribali mentorlar soni kamligi sezilmoqda. O‘zbekiston startap bozorining kelajagi porloq. Raqamli texnologiyalar, fintex va elektron tijoratga qiziqish ortishi bilan yangi investitsiyalar kirib kelmoqda. Biroq sifatli o‘sish uchun venchur moliyalashtirishni rivojlantirish, davlat va xususiy kapitalning yanada faol ishtiroki hamda xalqaro investorlarni jalb qilish lozim. O‘zbekiston bozorining ustun tomonlari: fintex va raqamli to‘lovlar (naqd pulsiz hisob-kitoblar va bank infratuzilmasi rivoji fonida); elektron tijorat va logistika (onlayn xaridlar o‘sishi hisobiga); agrotexnologiyalar va oziq-ovqat texnologiyalari (mamlakatning katta agrar salohiyatini hisobga olgan holda); ta’lim texnologiyalari (EdTech) — mintaqada sifatli ta’limga talab yuqori; yashil energetika va barqaror rivojlanish — bu global trend bo‘lib, unda O‘zbekiston muhim ishtirokchiga aylanishi mumkin. Umuman olganda, O‘zbekiston — katta salohiyatga ega yosh bozor, biroq bu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun sarmoya kerak.
O‘zbekiston — katta salohiyatga ega yosh bozor, biroq bu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun sarmoya kerak.
Kripto-bozorga bildiriladigan tanqidlarga — volatillik, firibgarlik va tartibga solish bilan bog‘liq xatarlarga qanday qaraysiz? Kriptovalyutalar ommaviy hayotimizning bir qismiga aylanishi uchun nima qilish kerak?
Kriptovalyuta bozori hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Ko‘pchilikda kriptohamyonlar mavjud bo‘lib, ularda steyblkoinlar, bitkoin yoki efir saqlanadi. Boshqa tomondan, aholining katta qismi hali ham bu sohaga yetarlicha jalb qilinmagan. Bozor yosh va jadal rivojlanayotgan bo‘lgani sababli, u muqarrar ravishda yuqori volatillik, firibgarlik va tartibga solish bilan bog‘liq xatarlar bilan birga keladi. 2025-yil bilan bog‘liq bitta muammo bor — biz unga bozorning eng yuqori nuqtalarida kirdik. Trampning inauguratsiyasi arafasida bitkoin navbatdagi ATH (eng yuqori narx darajasi)ga yetdi. Solana kabi ko‘plab altkoinlar ham tarixiy maksimumlarda savdo qilinayotgan edi. Shu bilan birga, bozordagi likvidlik hajmi oshmadi, AQShdagi pul massasining M2 agregati esa 2022-yildagi ko‘rsatkichlardan pastligicha qolmoqda. Agar AQShda pul-kredit siyosati yumshatilmasa, amaldagi narxlar allaqachon o‘z chegarasiga yetgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Amerika fond indekslari hali ham jiddiy tuzatishga uchramaganini va deyarli har kuni yangi rekordlar o‘rnatayotganini hisobga olish kerak. Bularning barchasi AQShda inflyatsiya yuqori bo‘lib turgan va Federal zaxira tizimi (FRS) ritorikasi qat’iylashayotgan bir paytda yuz bermoqda. Ya’ni, 2025-yilda foiz stavkalarining tez pasayishi, ehtimol, kuzatilmaydi. Bunga Trampning savdo urushlarini ham qo‘shing — natijada juda zaif muvozanatga ega tizim hosil bo‘ladi. 27-yanvar kuni Xitoyning DeepSeek sun’iy intellekti haqidagi yangiliklar fonida NASDAQ indeksining keskin pasayishi ko‘rsatganidek (o‘sha kuni indeks bir savdo sessiyasida qariyb 3 foiz yo‘qotdi), bozor ishtirokchilarini har qanday kichik hodisa ham xavotirga solishi mumkin. Agar asosiy indekslar jiddiy tuzatishga kirsa, kriptovalyutalar bozori bundan ancha katta zarar ko‘radi.
O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib kriptovalyuta operatsiyalarini legallashtirdi va hatto davlat blokcheyn-platformasini ishga tushirdi. Bunday yondashuvni qanday baholaysiz? Mamlakat kripto-industriya uchun mintaqaviy xabga aylana oladimi yoki tartibga solish doiralari hali ham juda qat’iymi?
O‘zbekiston kriptovalyuta operatsiyalarini qonuniylashtirib, haqiqatan ham jasoratli qadam tashladi. Bunday yondashuv mamlakatning raqamli transformatsiyaga va texnologik investitsiyalarni jalb qilishga intilishini ko'rsatadi. Biroq har qanday yangi tartibga solishda muvozanatni saqlash muhim: bir tomondan investorlarni himoya qilish va firibgarlikning oldini olish, ikkinchi tomondan — kripto-sanoat rivoji uchun qulay sharoit yaratish lozim. Bugun O‘zbekiston IT-kompaniyalar uchun past soliq stavkalari va blokcheyn loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tufayli xalqaro kripto-o‘yinchilar e’tiborini tortmoqda. Biroq tartibga solish doiralari hamon ancha qat’iy, masalan, barcha operatsiyalar litsenziyalangan platformalar orqali o‘tishi shart, mayning esa faqat quyosh energiyasidan foydalanish bilan cheklangan. Bu bozor rivojini, ayniqsa chakana investorlar va xalqaro kompaniyalar uchun cheklab qo‘yishi mumkin. Mintaqaviy markazga aylanish salohiyati bor, ayniqsa mamlakat tartibga solish tizimini yumshatishda va global ishtirokchilarni jalb qilishda davom etsa. Hozirda ko‘plab davlatlar o‘z kripto-siyosatlarini qayta ko‘rib chiqmoqda va agar O‘zbekiston yanada raqobatbardosh shartlarni taklif qilsa, u haqiqatan ham MDHdagi blokcheyn-innovatsiyalarning asosiy markazlaridan biriga aylanishi mumkin.
Siz Bitkoganni tahliliy-ta’limiy media sifatida taqdim etasiz. Reklama va pullik kurslar orqali monetizatsiya qilish ushbu missiyaga xalaqit bermaydimi?
Bunday muammo haqiqatan ham mavjud. Agar siz moliya haqida qayg‘urmasdan biznes yuritsangiz, reklamaga murojaat qilmasdan va mahsulotlaringizni sotmasdan, faqat o‘zingiz uchun nimadir yaratish bilan cheklanishingiz mumkin. Biroq biznes daromad keltirishi va rentabel bo‘lishi shart. Biz uchun bu loyiha bir vaqtning o‘zida ham qalbimiz — bizga juda qiziq bo‘lgan mashg‘ulot, ham daromad manbaidir. Agar biz chinakam noyob va foydali kurs ishlab chiqqan bo‘lsak, nega uni o‘z platformalarimizda reklama qilmasligimiz kerak? Men reklama materiallariga oqilona yondashishga va me’yorni saqlashga harakat qilaman. Bir so‘z bilan aytganda, bu oson emas. Biror narsani sota boshlasangiz, odamlarning ishonchi susayishi mumkin. Bunday vaziyatda nima qilish kerak? O‘zingizga nisbatan halol bo‘lish hamda biznes maqsadlari bilan samimiylik o‘rtasida muvozanat topish lozim.
Sizningcha, kriptovalyuta olamidagi yangi boshlovchilarning asosiy xatosi nimada? Undan qanday qochish mumkin?
Bu xatoga nafaqat kriptovalyuta bozoridagi yangi boshlovchilar, balki endigina investitsiya bilan shug‘ullana boshlaganlar ham yo‘l qo‘yadi. Shoshgan qiz - elga yolchimas. Hech qachon shoshilinch bitimga kirishmang. Ko‘proq o‘ylang. Imkoniyatlar sizdan qochib ketmaydi. Matbuotni kamroq o‘qing, biroq jarayonlar mohiyatiga ko‘proq kiring, chuqurroq tahlil qiling. Fond bozorini kazinoga aylantirmang, chunki bular mutlaqo ayro narsalardir.
Agar faoliyatingizni noldan boshlashga to‘g‘ri kelsa, qaysi yo‘lni tanlardingiz: investitsiya, ta’lim yoki media?
Haqiqiy bilimsiz media-faoliyat infolo'lilikka aylanib qoladi. Bir-ikki kitob o‘qib, mutaxassislarni yollab va marketingni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, tezda "buyuk ustoz"ga aylanish mumkin. Bunday misollar juda ko‘p. Biroq men haqiqiy rivojlanish uchun tanlangan sohada professional bo‘lish kerak deb hisoblayman. Faqat o‘z kasbini mukammal bilgan va real tajribaga ega bo‘lgan insonnigina dars berishga va media maydonida ekspert sifatida chiqishga haqqi bor. Qolgan hamma narsaga men ishonmayman.












