Premial brendlangan rezidensiyalar — yashash va investitsiya uchun yangi format

So‘nggi yillarda «hashamat» tushunchasi tubdan o‘zgarishni boshdan kechirmoqda. Yaqin-yaqingacha boylik va muvaffaqiyatning asosiy ramzi sifatida moddiy buyumlar (avtomobillar, qimmatbaho soatlar, aksessuarlar) ko‘rilgan bo‘lsa, bugun asosiy diqqat-e’tibor hayot tarziga ko‘chmoqda. Individual tajriba shakllantirish imkoniyati — personalizatsiyalangan taassurotlar, yopiq hamjamiyatlarga kirish huquqi, muayyan brend qadriyatlariga sheriklik va yuksak hayot sifati tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aynan shu omillar ko‘chmas mulk bozorida mutlaqo yangi segment rivojlanishiga turtki berdi.
Mehmonxona operatorlari, moda uylari va developerlar bu global trendni tezda ilg‘ab oldilar. Yangi loyihalar an’anaviy uy-joy tushunchasidan ancha ilgarilab ketgan: endi e’tibor markazida kvadrat metrlar emas, balki servis, infratuzilma va brend falsafasi mujassamlashgan to‘laqonli ekotizimlar turibdi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, HNWI — ya’ni sarmoyasi 30 million dollardan ortiq bo‘lgan o‘ta badavlat mijozlar soni oxirgi besh yilda 20 foizdan ziyodga ko‘paydi. Bu eng harakatchan auditoriya bo‘lib, ular turli mamlakatlarda faoliyat yuritadi va o‘z uyi global brendlar boshqaruvidagi rezidensiyalar tarmog‘ining bir qismi bo‘lishini afzal ko‘radi.
Financial Times nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, 2011-yilda bunday loyihalar soni 169 ta bo‘lib, asosan Four Seasons va Ritz-Carlton boshqaruvida edi. Bugunga kelib ular 600 tadan oshdi, 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkich 1 000 tadan ortishi bashorat qilinmoqda. Bozor tuzilmasi ham o‘zgarmoqda: agar ilgari mehmonxona tarmoqlari yetakchilik qilgan bo‘lsa, hozirda Armani, Bulgari, Fendi, Aston Martin, Porsche, Bentley, Baccarat, Cipriani kabi nufuzli brendlar bu sohaga faol kirib kelmoqda. Savills ma’lumotlariga ko‘ra, nomehmonxona brendlarining ulushi allaqachon 17 foizga yetdi va o‘sishda davom etmoqda.
Bozor mutaxassislari brend-rezidensiyalar odatiy loyihalarga qaraganda o‘rtacha uchdan bir baravar qimmatroq sotilishini va iqtisodiy beqarorlik sharoitida ham barqarorlikni namoyish etishini ta’kidlamoqda: bunday mulkka talab hatto inqirozlarda ham saqlanib qoladi. Besh yillik egalik davrida bunday obyektlar qiymatining o‘sishi umumiy bozordagidan 8–10 foiz yuqori bo‘ladi. Qo‘shimcha xarajatlar esa ularning eksklyuzivligini yanada tasdiqlaydi. Property Vision brokerlaridan biri aytganidek: «Bu xuddi yaxtani saqlash qancha turishini so‘rashga o‘xshaydi. Agar siz buni surishtirishingiz kerak bo‘lsa, demak, bu segment siz uchun emas».
Mayami va Dubay kabi nufuzli lokatsiyalarda haqiqiy «qurollanish poygasi» avj oldi. Endi shunchaki basseyn yoki fitnes-markaz bilan mijozni hayratda qoldirib bo‘lmaydi. Xaridorlarga bioxaking, krioterapiya, noyob gastronomik klasterlar va hatto serfing uchun sun’iy to‘lqinlar taklif qilinmoqda. Knight Frank tahlilchilari tushuntirganidek, bugun binoning fasadidagi logotipning o‘zi muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Eng muhimi — to‘laqonli muhit, ya’ni hamjamiyat shakllanadigan va o‘zaro ishonch ustuvor bo‘lgan ekotizimdir.
Segmentning yangi bosqichidan so‘nggi «purpose-driven» (muayyan maqsadga yo‘naltirilgan) loyihalar dalolat beradi. Bular — umumiy qadriyatlar va hayot tarzi atrofida birlashgan rezidensiyalardir. Bunday model yopiq golf klublarini eslatadi, faqat endi u yaxting, gastronomiya, ot sporti, wellness va uzoq umr ko‘rish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. Kelajakdagi nomehmonxona loyihalarining deyarli uchdan biri aynan shunga yo‘naltirilgan. Masalan:
Les Bordes, Fransiya: Six Senses mehmonxonasi va rezidensiyalariga ega yopiq mulk. Uy egalari o‘z otlarini olib kelishlari va maxsus «otlar spasi» xizmatidan foydalanishlari mumkin.
SHA Emirates, BAA: Nutritsiologlar, ongli hayot amaliyotlari bo‘yicha instruktorlar va gidroterapiya markaziga ega 137 ta rezidensiya.
Six Senses London (The Whiteley): Narxi 1,5 million funt sterlingdan boshlanadi, asosiy urg‘u bioxaking va tiklovchi amaliyotlarga berilgan.
Ekspertlarning fikricha, eng badavlat xaridorlar uchun uy endi nafaqat hayratlantirishi, balki «shifo» ham berishi lozim. Haqiqiy hashamat — bu sifatli uyqu, tiklangan gormonal muvozanat va sport bilan shug'illanishni yaxshi ko'radigan hamfikr qo‘shnilar hamjamiyatidir. Bu fikrni IHG Hotels & Resorts vakillari ham tasdiqlashadi: «Odamlar o‘z dunyoqarashiga mos kishilar orasida yashashni xohlashadi. Hamma band, doimo harakatda, shuning uchun jamoa qiymati faqat ortib bormoqda».
Asosiy yo‘nalishlar ro‘yxati quyidagicha:
London: The OWO Residences by Raffles, Knightsbridge’dagi Bulgari Residences, Six Senses London. Bu yerda kvadrat metr narxi 40 ming funt sterlingga yetadi.
Mayami: Baccarat Residences, Cipriani, Aston Martin Residences, avtomobillar uchun Dezervator liftga ega Porsche Design Tower. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, shahar brend-rezidensiyalar segmentidagi bitimlar soni bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylandi.
Dubay: Bulgari Lighthouse, One&Only One Za’abeel, Dorchester Collection. Bozorga nisbatan ustama narx 40 foizdan oshadi. Shaharda 50 dan ortiq shunday loyiha amalga oshirilgan, 2030-yilga kelib ularning soni ikki barobar ortishi kutilmoqda.
Istanbul: Mandarin Oriental Etiler va Four Seasons Bosphorus Turkiyaning yangi o‘sish nuqtasi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Bugungi lyuks shunchaki qimmatbaho buyumlarga egalik qilish doirasidan chiqib ketdi. Bu — hayot tarziga singdirilgan tajribadir. Xaridorlar shunchaki chiroyli interyerni emas, balki besh yulduzli mehmonxona darajasidagi servis va nufuzli klubga mansublik hissini istashadi. Turli sohalar o‘rtasidagi chegaralar asta-sekin yo‘qolmoqda: Armani, Bulgari va Fendi mehmonxona biznesiga kirmoqda; Aman brendi mebel va kosmetika ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, Equinox Hotels uyqu tizimlari va salomatlik mahsulotlarini taklif etmoqda. (RASM 05)
Shu tariqa, xonadon brend olamiga ochilgan darvozaga, brend esa hayotning yangi o‘lchamiga aylanmoqda. Brendlangan rezidensiyalar premial ko‘chmas mulkning alohida segmenti sifatida shakllanib bo‘ldi. Developer uchun bu — tezkor sotuv va yuqori daromad; brend uchun — ishonch kapitalizatsiyasi va ekotizimning kengayishi; xaridor uchun esa — betakror hayot tarzi, munosib jamoa va sarmoyaviy barqarorlikdir. Boy mijozlarning global harakatchanligini hisobga olsak, bu format yanada kuchayadi. Knight Frank va Savills tahlilchilari bir fikrda: segment o‘sish sur’atlari va investitsion jozibadorlik bo‘yicha bozorni ortda qoldirishda davom etadi. London, Mayami, Dubay va Istanbul allaqachon yangi hashamat vitrinalariga aylandi. Ularning izidan boshqa shaharlar, jumladan, Toshkent ham bormoqda — poytaxtimizda yaqin yillarda xalqaro brendli ilk loyihalar paydo bo‘lishi kutilmoqda. Shaharning shiddatli o‘sishi va «lifestyle» yechimlarga bo‘lgan talab buning uchun qulay sharoit yaratadi.












