Muhimi pul emas, balki nima yaratayotganingdir: Ali Tyufekchi bilan intervyu

U oddiy muhandislikdan xalqaro kompaniya hammuassisligigacha bo‘lgan salmoqli va murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Faoliyatini ventilyatsiya tizimlarini loyihalashdan boshlab, Turkiya, O‘zbekiston va Turkmanistonda keng ko‘lamli ob’ektlar qurilishini boshqarishga qodir ekanini isbotlay oldi. Ali Tyufekchi — turar joy majmualari, shifoxonalar, yo‘llar va sanoat ob’ektlarini barpo etib, sifatning yangi standartlarini joriy qilayotgan Çeliker Holding kompaniyasining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri. Shu kuzda xolding birdaniga ikkita muhim loyihani: premium darajadagi Golden Lake turar joy majmuasi va innovatsion davolash usullariga yo‘naltirilgan zamonaviy shifoxonani ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jurnalimizga bergan intervyusida Ali Tyufekchi o‘zining kasbiy yo‘li, biznesdagi asosiy tamoyillari va moliya insonning hayot tarzini qanday shakllantirishi haqida so‘zlab berdi.
Siz faoliyatingizni muhandis sifatida boshlagansiz, bugun esa yirik xolding hammuassisiz. Bu yo‘ldan qanday muhim saboqlarni chiqardingiz?
Faoliyatimdagi eng muhim saboqlardan biri — muvaffaqiyat nafaqat texnik bilimlar, balki insoniy munosabatlar va yetakchilik qobiliyati bilan belgilanishini anglaganim bo‘ldi. Men kuchli jamoani shakllantirish, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish va xatarlarni oqilona boshqarish qanchalik muhimligini erta tushunib yetdim.
Istanbul texnika universitetida olgan ta’limingiz qanday rol o‘ynadi?
Universitet menga mustahkam muhandislik poydevorini berdi. U yerdan olgan eng qimmatli narsam — analitik fikrlash va yechimi yo‘qdek tuyulgan muammolarni hal qilish qobiliyatidir. Bundan tashqari, bu dunyodagi eng nufuzli universitetlardan biri ekanini unutmaslik kerak. Uning diplomi yosh mutaxassis uchun juda kuchli dalildir.
Siz xalqaro kompaniyalarda ishlagansiz va Hyatt Regency Tashkent hamda Unilever kabi yirik loyihalarda ishtirok etgansiz. Qaysi tajriba siz uchun eng qimmatli bo‘ldi?
Turli madaniyat vakillaridan o‘rganish imkoniyati bergani uchun ushbu ishlardan minnatdorman. Men yana ko‘plab boshqa xalqaro loyihalarda ham qatnashganman. O‘shanda shunchaki muhandislik bilimlariga ega bo‘lish yetarli emasligini, balki turli biznes modellari va global qarashlarni o‘zlashtirish zarurligini angladim. Ushbu loyihalar menga yirik va murakkab vazifalarni boshqarishda bebaho tajriba berdi.
Tig‘iz ish jadvali va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni qanday saqlaysiz? Maxsus qoidalaringiz bormi?
Bu har doim ham oson kechmaydi. Ammo ustuvorliklarni to‘g‘ri belgilash va vaqtni unumli rejalashtirish orqali muvozanat topaman. Men uchun eng muhimi — salomatlik, oila va ish, aynan shu ketma-ketlikda. Oila bilan o‘tkazilgan vaqt hamma narsadan qadrli, shuning uchun uyda ish haqida o‘ylamaslikka harakat qilaman. Garchi ba’zan bu mutlaqo oson bo‘lmasa-da!
Qurilish sohasidagi asosiy tendensiyalarni qanday ko‘ryapsiz? Yaqin yillarda soha rivojini nima belgilab beradi?
Texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan energiya samaradorligi birinchi o‘ringa chiqmoqda. Bu «yashil» qurilish standartlari va «aqlli shahar» konsepsiyasini joriy etish orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Biz raqamlashtirish va avtomatlashtirish qurilish jarayonlariga yanada kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, ularni birinchi navbatda ekologik toza qiladigan davrga qadam qo‘ymoqdamiz.
Golden Lake premium darajadagi turar joy majmuasi sifatida taqdim etilmoqda. Ushbu loyihaga qanday g‘oya va qadriyatlarni kiritdingiz?
Golden Lake — bu ma’lum bir hayot tarzini yaratuvchi loyihadir. Maqsadimiz — aholi uchun yuqori darajadagi qulaylik va hayot sifatini ta’minlash. Odamlar bir-biri bilan tez-tez muloqot qilishlari uchun ijtimoiy maydonlarga alohida e’tibor qaratdik.
Shu kuzda siz shifoxona ochyapsiz. U mintaqadagi mavjud tibbiyot markazlaridan nimasi bilan farq qiladi?
U nafaqat tibbiy xizmat ko‘rsatishga, balki bemorlarning hayot sifatini oshirishga ham yo‘naltirilgan. Bu yerda eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy palatalar, kengaytirilgan davolash imkoniyatlari va yuqori professional jamoa jam bo‘ladi. Bemorlar bilan muloqot jarayonini soddalashtirish uchun raqamli xizmatlarga urg‘u beryapmiz. O‘zbekistonga shunday ob’ektni tuhfa qilish biz uchun katta faxrdir.
Investitsiya uchun loyihalarni — turar joy, tijorat yoki infratuzilmani — qanday tanlaysiz?
Birinchi navbatda bozor ehtiyojlarini tahlil qilaman. Turar joy, tijorat va infratuzilma loyihalari orasidan bir vaqtning o‘zida ham ishonchli, ham yuqori salohiyatga ega bo‘lganlarini tanlaymiz. Barqarorlik, joylashuv va qiymatning uzoq muddatli o‘sishi kabi omillarni albatta hisobga olaman.
Xoldingingiz nafaqat uy-joy, balki yo‘llar, shifoxonalar, sanoat ob’ektlari bilan ham shug‘ullanadi. Bu yo‘nalishlarning qaysi biri siz uchun strategik jihatdan eng muhim?
Har bir yo‘nalishning o‘z strategik ahamiyati bor. Ammo bugungi kunda infratuzilma loyihalari va sog‘liqni saqlash eng istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lib ko‘rinmoqda. Ular nafaqat kompaniyaning o‘sishiga, balki umuman jamiyat rivojiga xizmat qiladi. Ayniqsa, tibbiyot sohasidagi loyihalar mintaqa uchun ulkan ahamiyatga ega.
Siz O‘zbekiston, Turkmaniston va Turkiyada ishlagansiz. Qurilishga yondashuvlarda qanday farqlarni sezdingiz?
O‘zbekiston va Turkmanistonda uzoq vaqt davomida an’anaviy qurilish usullari ustunlik qilgan bo‘lsa, Turkiyada innovatsiyalar va texnologiyalarga ko‘proq e’tibor beriladi. Ammo so‘nggi paytlarda, ayniqsa, O‘zbekiston rahbariyatining ilg‘or qarashlari tufayli, mamlakatda zamonaviy va ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, mahalliy me’yorlar va standartlardagi farqlarni ham hisobga olish muhim, bu nafaqat huquqiy jihatlarga tegishli.
Qurilish loyihalarini boshqarishda o‘z falsafangiz bormi?
Asosiy tamoyilim — shaffoflik. Loyihaning barcha ishtirokchilari bilan ochiq va halol muloqotni saqlab qolish juda muhim. Bu muammolarni oldindan aniqlash va bartaraf etishga yordam beradi. Va, albatta, sifatni doimo birinchi o‘ringa qo‘yaman.
Ko‘chmas mulkka investitsiya kiritishda siz uchun nima muhimroq — xavfsizlikmi yoki hayot tarzi?
Bu savolga bir xil javob berib bo‘lmaydi. Ko‘chmas mulk ham xavfsizlik, ham hayot tarzi nuqtai nazaridan muhim. Ammo uzoq muddatli istiqbolda men aynan xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardim. Ishonchli investitsiya moliyaviy barqarorlikni ta’minlaydi, hayot tarzi esa ko‘proq shaxsiy xohish-istaklarga bog‘liq. Har qanday holatda ham, sifatli va barqaror loyihalar har ikki jihatdan ham qadrlidir.
Siz premium segmentda ishlaysiz. Siz uchun premium darajadagi hayot nima?
Bu nafaqat yuksak qulaylik, balki estetika hamdir. XXI asrda dabdabali hashamatga urg‘u berish g‘alati bo‘lar edi. Bizning ob’ektlarimiz qulay bo‘lishi va zamonaviy inson ehtiyojlariga javob berishi lozim. Agar inson o‘z qavatiga ko‘tarilib, liftdan tushayotganda: «Bu yer naqadar yaxshi!» deb o‘ylasa — demak, biz hamma narsani to‘g‘ri bajargan bo‘lamiz.
Yaqin besh-o‘n yil ichida o‘zingiz va kompaniyangiz oldiga qanday maqsadlarni qo‘yyapsiz?
Biz xalqaro bozorda raqobatbardosh kompaniya qurishda davom etamiz. Albatta, rejalarda — qurilish jarayonlariga raqamlashtirishni joriy etish bor. Ekologiya bilan bog‘liq g‘oyalarni rivojlantiramiz va insonlarga yo‘naltirilgan yashash maydonlarini loyihalashtiramiz. Rostini aytsam: birinchi navbatda ijtimoiy tashabbuslar bilan shug‘ullanishni va imkon qadar kengroq doiradagi odamlarga foyda keltirishni istayman. Moliya, shubhasiz, muhim, lekin bizni qancha ishlab topganimiz bilan emas, balki nima yaratganimiz bilan eslashadi.












