Markaziy Osiyoning navbatdagi iqtisodiy yuksalishi investitsiyalar emas, boshqaruv sifati bilan belgilanadi

Nega mintaqa kelajagi kapital hajmiga emas, balki xususiy kompaniyalar boshqaruvining naqadar yetukligiga bog‘liq?
Markaziy Osiyoning kelajagi haqida so‘z ketganda, suhbat deyarli har doim investitsiyalardan boshlanadi. Bunda asosiy e’tibor kapital oqimi, infratuzilma loyihalari, texnologik startaplar va davlat islohotlariga qaratiladi. Mintaqa haqiqatan ham iqtisodiy faollashuv va xalqaro hamjamiyatning o‘sib borayotgan qiziqishi davrini boshdan kechirmoqda.
Biroq biznes rivojini ichkaridan kuzatib — kompaniya egalari, investorlar va direktorlar kengashlari bilan ishlash jarayonida butunlay boshqacha xulosaga kelish mumkin: Markaziy Osiyo o‘sishining navbatdagi bosqichini investitsiyalar emas, aynan boshqaruv sifati belgilab beradi.
Investitsiyalar tizim shakllangan joyga keladi
Iqtisodiyot o‘sishi uchun birinchi navbatda kapital zarur, degan keng tarqalgan qarash mavjud. Ammo amaliyotda barchasi boshqacha kechadi.
Kapital kam hollarda rivojlanishning birlamchi sababi bo‘ladi — u allaqachon boshqaruv tizimi shakllangan joyga oqib keladi. Investorlar shunchaki salohiyatli bozorlarni emas, balki qabul qilinadigan qarorlarning mantiqiyligi va shaffofligini, boshqaruvning barqarorligini izlaydi. Aynan shuning uchun bir xil moliyaviy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan ikki kompaniya butunlay farqli investitsion istiqbollarga ega bo‘lishi mumkin. Farq mahsulotda emas, balki korporativ boshqaruvdadir.
Ushbu bog‘liqlik xalqaro tadqiqotlar bilan ham tasdiqlangan. Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlanayotgan bozorlarda korporativ boshqaruvni izchil yaxshilab borgan kompaniyalar shunday tizimga ega bo‘lmagan raqobatchilariga nisbatan o‘rtacha 20 foiz yuqori natija ko‘rsatgan. Shu bilan birga, ularda investitsiya xatarlari pastroq bo‘lib, bu kapital jalb qilish imkoniyati va uning tannarxiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) qayd etishicha, samarali korporativ boshqaruv kapitalni jalb qilish xarajatlarini kamaytiradi va moliyalashtirish manbalaridan foydalanishni osonlashtiradi. Jahon banki tadqiqotlari yetuk boshqaruv amaliyotiga ega kompaniyalar tezroq o‘sishini ko‘rsatmoqda. McKinsey ma’lumotlariga ko‘ra, investorlar korporativ boshqaruv sifati yuqori bo‘lgan kompaniyalar uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘lashga tayyor.
Markaziy Osiyo tadbirkorlik bosqichidan o‘tib bo‘ldi
So‘nggi o‘n yilliklarda mintaqa tadbirkor-asoschilar davrini boshdan kechirdi. Bu tezkorlik, jasorat va ichki sezgi davri edi. Bizneslar tom ma’noda noldan yaratildi — ko‘pincha rivojlangan institutsional muhit, uzoq muddatli kapital va murakkab boshqaruv tuzilmalarisiz. Sezgi (intuitsiya) strategiyaning, shaxsiy ishtirok esa tizimning o‘rnini bosdi. Aynan tadbirkorlik energiyasi bugungi o‘sish poydevorini yaratdi. Biroq har bir iqtisodiyot tabiiy evolyutsiya bosqichlarini bosib o‘tadi. Avval biznesni yaratish, so‘ngra esa uni professional boshqarishni o‘rganish muhim. Bugun Markaziy Osiyo aynan ikkinchi bosqichga qadam qo‘ymoqda.
Yangi iqtisodiyot yangi turdagi boshqaruvni talab etadi
Kompaniyalar o‘sishi bilan boshqaruv vazifalarining mohiyati ham o‘zgaradi. Agar avval muvaffaqiyat omili tezkor qaror qabul qilish bo‘lsa, endi to‘g‘ri qarorlarni tizimli qabul qilish qobiliyati ustuvorlik kasb etmoqda. Kompaniyalar yangi sinovlar oldida turibdi:
- samaradorlikni yo‘qotmasdan qanday kengayish mumkin;
- rivojlanishni sekinlashtirmasdan xavf-xatarlarni qanday boshqarish kerak;
- nafaqat joriy foydani, balki uzoq muddatli qiymatni qanday yaratish lozim;
- xalqaro kapitalni qanday jalb qilish;
- asoschining shaxsidan qat’i nazar biznes barqarorligini qanday ta’minlash mumkin.Ushbu savollarga javob aynan korporativ boshqaruv sohasida yashiringan.
Institutsionallik biznes qiymatini oshiradi
Tadbirkorlikka asoslangan biznes va institutsional biznes o‘rtasidagi farq kapital jalb qilish jarayonida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi. Investorlar nafaqat kompaniyaning joriy moliyaviy natijalari va istiqbollarini, balki uning boshqaruv tizimi qanchalik barqaror ekanini ham baholaydi.
Bu qonuniyat bugungi kunda Markaziy Osiyoda ham yaqqol kuzatilmoqda. Mintaqaning eng yirik xususiy kompaniyalari — Kaspi.kz, TBC Uzbekistan, Uzum va Korzinka — kuchli biznes modeli hisobiga o‘sib, shu bilan birga shaffoflikni, moliyaviy arxitekturani va korporativ boshqaruv elementlarini izchil ravishda takomillashtirib bordi.
Kaspi.kz 2020-yildayoq ommaviy kompaniyaga aylandi va bugungi kunda bozor tomonidan qariyb 14 milliard AQSH dollariga baholanmoqda.
Uzum 2024–2025-yillarda equity va debt shaklida jami 180 million AQSH dollaridan ortiq investitsiya jalb qilinganini e’lon qildi. Shundan 2025-yilda qariyb 70 million AQSH dollari equity ko‘rinishida jalb qilindi, kompaniya bahosi esa taxminan 1,5 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Korzinka EBRD investitsiyasini jalb qilib, korporativ boshqaruv amaliyotlarini kuchaytirgach, 2024-yilda taxminan 9,4 trillion so‘m tushum qayd etdi. 2025-yilda esa yangi investorlardan yana 110 million AQSH dollari jalb qildi. Shu bilan birga, EBRD o‘z ishtiroki davomida kompaniya do‘konlari soni uch baravar oshganini alohida ta’kidladi.
TBC Uzbekistan esa ommaviy xalqaro guruh tarkibida rivojlanar ekan, institutsional boshqaruv tizimi biznesni keng miqyosda rivojlantirishni qanday tezlashtirishini ham yaqqol namoyish etmoqda.
Bu, albatta, ularning muvaffaqiyati faqat korporativ boshqaruv bilan izohlanadi, degani emas. Ammo kuzatilayotgan qonuniyat aniq: xalqaro kapital kompaniya bir kishiga bog‘liq bo‘lmagan, balki to‘laqonli tizim sifatida ishlashni o‘rgangan joyga ko‘proq intiladi.
Sezgi o‘rnini tizimga bo‘shatadi
Tadbirkorlik sezgisi biznesning ajralmas qismi bo‘lib qoladi, biroq u yagona vositaga aylanib qolmasligi kerak. Yetuk kompaniyalar intuitsiyani tahliliy ma’lumotlar bilan birlashtiradi. Kompaniya egalari boshqaruv hisobi va strategik rejalashtirishni joriy etmoqdalar. Qarorlar endi moliyaviy modellar, strategiya, samaradorlik ko‘rsatkichlari va jamoaviy muhokamalarga tayanadi. Bu biznesni sekinlashtirmaydi, aksincha, uni barqaror qiladi va bu rivojlanishning keyingi bosqichida iqtisodiy o‘sishning asosiy omiliga aylanadi.
Direktorlar kengashi — yangi me’yor
Xususiy kompaniyalar egalari tomonidan yangi vosita — kompaniyani kollegial boshqarish organlari, ya’ni direktorlar kengashlari, kuzatuv kengashlari yoki maslahat kengashlarini joriy etish tendensiyasi yaqqol sezilmoqda. Yaqin vaqtgacha ular davlat yoki ommaviy kompaniyalardagi shunchaki rasmiyatchilik sifatida qabul qilinar edi. Bugungi kunda esa bu — qarorlar sifati vositasi hisoblanadi.
Kompaniyaning kollegial boshqaruv organlari strategik fikrlash maydonini yaratadi, u yerda nafaqat biznesning joriy natijalari, balki uning kelajagi ham muhokama qilinadi. Ular kompaniyaga operatsion muvaffaqiyatdan uzoq muddatli qiymat yaratishga o‘tishda yordam beradi.
Mintaqaning kelajagi — institutsional biznes
Markaziy Osiyoning navbatdagi iqtisodiy sakrashi mintaqaga ko‘proq investitsiyalar kirganda emas, balki xususiy kompaniyalar institutsional tashkilotlarga aylanganda sodir bo‘ladi. Bu — strategiya rasmiylashtirilganda, moliya shaffoflashganda, qarorlar tizimli ravishda qabul qilinganda va biznes bir kishiga bog‘liqlikdan to‘xtaganda amalga oshadi.
Kapital tizim allaqachon qurilgan joyga keladi. Aynan shuning uchun bugungi kunda mintaqa uchun asosiy masala — xususiy kompaniyalar boshqaruvi qanchalik yetuk bo‘lishidir.
Tadbirkorlikka asoslangan kompaniyalardan institutsional biznesga o‘tish — shunchaki boshqaruv evolyutsiyasi emas. Bu fundamental iqtisodiy jarayon bo‘lib, u yaqin o‘n yilliklarda qaysi kompaniyalar mintaqaviy yetakchilarga aylanishini belgilab beradi.












