Markaziy Osiyo: yangi iqtisodiy yo‘lbarsning uyg‘onishi

Markaziy Osiyo: yangi iqtisodiy yo‘lbarsning uyg‘onishi
Toshkent. Toshkent teleminorasidan ko‘rinish | Foto: ZBS

Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyo global iqtisodiy maydonning chekka hududi bo‘lib qoldi. Boy tarixga, strategik geografik o‘rniga va ulkan resurs salohiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, mintaqa xalqaro investorlarning barqaror diqqat markaziga tushmas, nufuzli global nashrlarning tahliliy maqolalaridan kamdan-kam joy olardi.

Biroq bugun vaziyat tubdan o‘zgarmoqda. Mintaqaviy aloqalarning mustahkamlanishi va institutsional yangilanishga bo‘lgan intilish Markaziy Osiyoni jahon iqtisodiy tizimining nufuzli va istiqbolli ishtirokchisiga aylantirdi. Ushbu tendensiya, ayniqsa, O‘zbekiston misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. 2010-yillar o‘rtalarida boshlangan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakat barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. 2023-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizga, 2024-yilda esa 6,1 foizga o‘sdi. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 6,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi qariyb 6,2 foizga teng — bu global iqtisodiyot o‘sishidan ikki baravar yuqoridir. Shuni ham aytish joizki, davlatlar kesimida farqlar mavjud: Qozog‘istonda o‘sish taxminan 4,5 foizni, Tojikistonda esa 7 foizdan yuqorini tashkil etmoqda. O‘zbekiston iqtisodiyoti taraqqiyoti nafaqat «Bir makon, bir yo‘l» va «O‘rta yo‘lak» loyihalari doirasidagi eksport va tranzit yuk tashuvlarining ortishi, balki ichki talabning o‘sishi, davlat korxonalarini isloh qilish, keng ko‘lamli qurilish ishlari hamda inson kapitaliga kiritilayotgan sarmoyalar hisobiga ta’minlanmoqda.

Markaziy Osiyo: yangi iqtisodiy yo‘lbarsning uyg‘onishi
O‘zbekiston YaIM dinamikasi (mlrd $), 2010–2025

Axborot texnologiyalari sohasidagi yutuqlarni alohida ta’kidlash lozim. 2022-yilda O‘zbekistonning IT-eksporti 140 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 344 million dollarga yetdi. Davlat ushbu sohani faol subsidiyalamoqda, soliq va ma’muriy imtiyozlar tizimini joriy etib, akseleratorlar hamda texnoparklarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Oldinda ulkan maqsad turibdi — 2030-yilga kelib IT-xizmatlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish. Yosh aholi qatlami va shiddatli raqamlashtirish jarayonlari kechayotgan mamlakat uchun bu mutlaqo real marradir. Aytgancha, Nodirbek Abdusattorov boshchiligidagi kuchli shaxmatchilar avlodining yuksalishi mamlakatda intellektual salohiyatni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning natijasidir. Bunday tizimli yondashuv nafaqat shaxmatda, balki zamonaviy bilimlar iqtisodiyotida ham yuqori malakali mutaxassislarni yetishtirib chiqaradi.

Markaziy Osiyo: yangi iqtisodiy yo‘lbarsning uyg‘onishi
O‘zbekiston aholisi sonining o‘sish dinamikasi (mln kishi), 2000–2024

Shu bilan birga, moliyaviy infratuzilmani rivojlantirmay turib muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi, shu bois O‘zbekistonda fond bozoriga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 2024-yilda bozor kapitalizatsiyasi YaIMning 16 foizidan oshdi, obligatsiyalar segmentidagi savdo aylanmasida xususiy investorlar ulushi 40 foizga yetdi. Shunga qaramay, aksiyalar bozori hamon nisbatan torligicha qolmoqda: savdolar past likvidli va spekulyativ xarakterga ega bo‘lib, institutsional investorlar uchun hozircha yetarli darajada jozibador emas.

Bozor tuzilmasini tubdan yaxshilash maqsadida Franklin Templeton boshqaruvida UzNIF milliy investitsiya fondi tashkil etildi. Fond portfelidan neft-gaz, energetika, kimyo va boshqa sohalardagi eng yirik davlat kompaniyalari paketlari joy olgan. UzNIF aktivlari 1,7 milliard dollarga baholanmoqda. 2026-yilda fondning o‘zi IPOga chiqishi, kelgusida esa u o‘z tarkibidagi kompaniyalar ulushlarini bosqichma-bosqich bozorga joylashtirishi kutilmoqda. Bu strategiya ko‘p jihatdan Ruminiyaning Fondul Proprietatea tajribasiga o‘xshab ketadi. Ruminiya ushbu yo‘nalish orqali xususiy investorlarni jalb qilishga, shaffof xususiylashtirishga, bozor likvidligi va kapitalizatsiyasini oshirishga muvaffaq bo‘lgan edi. O‘zbekiston ham aynan shunday natijani maqsad qilgan.

Markaziy Osiyo: yangi iqtisodiy yo‘lbarsning uyg‘onishi
O‘zbekiston fond bozori kapitalizatsiyasi, YaIMga nisbatan %, 2020–2024

Ta’kidlash joizki, Franklin Templeton bilan hamkorlik rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun har doim ham silliq kechmasligi mumkin, biroq muammolar odatda kompaniya suveren qarz oluvchilarning obligatsiyalariga ega bo‘lgandagina yuzaga keladi. UzNIF misolida esa kompaniya ko‘rsatilgan natijalar uchun yaxshigina komissiya va bonuslarga ega bo‘ladi. Bu esa davlat tomonidan qo‘yilgan maqsad — 2030-yilgacha fond bozoridagi free-float aksiyalar ulushini YaIMning 5 foiziga yetkazish imkonini beradi, deb hisoblashga asos beradi.

Natijada fond bozori xususiylashtirish maydonchasi va IT-soha ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanadi. Texnologik startaplar uchun investor topish, yetuk kompaniyalar uchun esa IPO orqali moliyalashtirishni jalb qilish ancha osonlashadi. O‘zbekistonda hozircha ommaviy texnologik gigantlar mavjud emas, biroq e-commerce va fintex segmentidagi kompaniyalar (masalan, Uzum) allaqachon yirik investorlar e’tiborini tortib ulgurdi.

Mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayoni jadal davom etmoqda: bu shunchaki tarqoq islohotlar emas, balki muvozanatli va o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan o‘sish modeliga tomon tashlangan dadil qadamdir. Bu model davlat korxonalarini tarkibiy o‘zgartirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, inson kapitalini rivojlantirish va mustahkam moliya bozorini shakllantirishni o‘z ichiga oladi. Xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan bozori katta imkoniyatlar manbaidir. Albatta, har qanday yosh bozorda bo‘lgani kabi, bu yerda ham o‘ziga xos xatarlar mavjud, biroq uning salohiyati cheksiz. Ayniqsa, bozor yangi va zamonaviy ligaga chiqishni qat’iy maqsad qilgan davlatning shiddat bilan o‘sayotgan iqtisodiyoti bilan quvvatlanganda, bu yanada ahamiyatli bo‘ladi.