Har bir sayohat — san'at asari: Natalya Shutova bilan suhbat

Concierge Travel sayyohlik agentligi hisobida yuzlab yo‘nalishlar va minglab mamnun mijozlar bor. Kompaniya bosh direktori Natalya Shutova tashkilotchilarning tafsilotlarga bo‘lgan e’tibori va kreativ yondashuvi har bir sayohatni unutilmas individual sarguzashtga aylantira olishiga ishonadi. Natalya o‘z intervyusida turizmning murakkab olamidagi ilk qadamlari, VIP darajasidagi sayohatlarni rejalashtirish sir-asrorlari va mijozlarning boshidan kechirgan qiziqarli voqealari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, u nima uchun Concierge Travel kompaniyasida hech qachon yo‘q demaslik tamoyili ishonchning asosiga aylangani va jamoani yangi marralarni zabt etishga undaydigan orzular haqida to‘xtalib o‘tdi.
Mijozning talabi — bu shunchaki injiqlik emas, balki individual yondashuvga bo‘lgan ehtiyojdir.
Natalya, siz muhandislik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgansiz, biroq biznesingiz turizm bilan bog‘liq. Ayting-chi, bunday keskin burilish qanday yuz berdi? Concierge Travel agentligini ochishga nima turtki bo‘ldi?
Hammasi haqiqatan ham turizmdan boshlanmagan — men texnika oliygohini tamomlaganman, lekin mutaxassisligim bo‘yicha biror kun ham ishlamadim. Turizm sohasiga tasodifan kirib qolganman. Shunchaki uyda o‘tirmaslikka, vaqtimni faqat uy ishlari bilan o‘tkazmaslikka qaror qildim. Oddiy menejerlikdan boshlab, kasb sirlarini noldan o‘rgandim. Baxtimga, soha asoslarini yirik va ishonchli kompaniyada o‘zlashtirdim, u yerda bebaho tajriba hamda amaliyotga ega bo‘ldim. Biroq vaqt o‘tishi bilan tushundimki, mijozlar oqimi juda katta bo‘lganda xizmat ko‘rsatish sifatini yuqori darajada saqlab qolish, har bir mijozning ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratish va individual yondashuvni saqlab qolishning imkoni yo‘q ekan. Aynan shu tariqa Concierge Travel dunyoga keldi — bu kompaniyada individual yondashuv, kreativlik va har bir detalga bo‘lgan e’tibor birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Albatta, har qanday kuchli g‘oyani jamoasiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Faqat mening qadriyatlarimni baham ko‘radigan mutaxassislarning hamjihatlikdagi mehnati tufayligina biz qiziqarli loyihalarni amalga oshiryapmiz va mijozlarning minnatdorchiligiga sazovor bo‘lyapmiz. Ishonchim komilki, har qanday ishda asosiy resurs — bu odamlardir. Shuning uchun ham jamoa ichidagi muhitga alohida e’tibor qarataman. Turizmdan tashqari, nutritsiologiya va xolistik kouching bilan shug‘ullanaman, jamoaning salomatligini kuzataman va hayot sifatini yaxshilashga yordam beradigan amaliyotlarni joriy qilaman. Ofisimizda muntazam ravishda timbildinglar va ijodiy tadbirlar o‘tkazib turiladi — bu jamoaviy ruhni va ilhomni saqlab qolishga yordam beradi.
Concierge Travel O‘zbekiston bo‘ylab mualliflik turlarini faol rivojlantirmoqda. Ularning o‘ziga xosligi nimada? Bunday marshrutlarni yaratishda siz uchun nimalar ayniqsa muhim?
Biz uchun mualliflik turi — bu shunchaki standart manzillar va diqqatga sazovor joylar bo‘ylab ekskursiya emas, balki mamlakatning tub-tubiga kirib borish, uning madaniyati bilan tanishish va qalbini his qilishdir. Biz qoliplardan qochishga harakat qilamiz. Klassik kelish-ko‘rish-ketish sxemasi o‘rniga, mahalliy ustalar bilan uchrashuvlar, xonadonlardagi kechki ovqatlar, milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslarini kiritamiz va o‘ziga xos, autentik mehmonxonalarni tavsiya qilamiz. Masalan, turlarimizning birida mehmonlar ipak qurti yetishtiriladigan fermaga tashrif buyurishadi, mato tayyorlashning to‘liq jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishadi va hatto o‘zlari ham mato to‘qib ko‘rishadi. Bu sayyohlarga o‘zgacha his-tuyg‘ular beradi — ular endi shunchaki kuzatuvchi emas, balki jarayonning bir qismiga aylanishadi.
Kompaniyangiz nafaqat turizm, balki MICE-tadbirlarni (korporativ tadbirlarni) tashkil etish bilan ham shug‘ullanadi. O‘zbekistonda bu sohaning qanday o‘ziga xosliklari bor? Qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz?
O‘zbekistonda korporativ tadbirlarni tashkil etish — bu har doim kutilmagan natijalarga boy jarayon. Bir tomondan, mamlakat tez rivojlanmoqda: yangi mehmonxonalar, konferensiya zallari va tadbirlar uchun maydonlar barpo etilyapti. Ikkinchi tomondan esa, servis standartlari hali shakllanish bosqichida. Shuning uchun ham hamma narsani shaxsan nazorat qilishga, har bir detalni — kofe-breyk qanday tayyorlanishi, texnika qanday ishlashi, mehmonlar qanday kutib olinishini tekshirishga to‘g‘ri keladi. Yana bir qiyinchilik — kichik shaharlardagi infratuzilmaning beqarorligi. Agar Toshkentda sayyohlik xizmatlari mexanizmi birmuncha yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Buxoro, Xiva yoki Samarqandda doimo hushyor bo‘lish kerak: oxirgi daqiqada manzilni o‘zgartirish, muqobil variantlarni izlash yoki tadbirni shaxsan boshqarishga to‘g‘ri keladigan holatlar uchrab turadi.
Fashion-turlar haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz.
Bu Concierge Travel kompaniyasining faxri. Biz O‘zbekistonning yetakchi dizaynerlari bilan hamkorlik qilamiz va moda hamda madaniyat uyg‘unlashgan noyob sayohatlarni tashkil etamiz. Masalan, yaqinda Angliyadan o‘z moda uylarini ochishni rejalashtirgan xonimlar tashrif buyurishdi. Ular O‘zbekistonning deyarli barcha shaharlarini kezib chiqishdi. Biz ularni mahalliy ustalar bilan tanishtirdik, uchrashuvlar tashkil qildik, ipak, mato va kashtachilik buyumlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishga yordam berdik. Bunday turlar shunchaki sayohat emas, balki yangi brendlarning tug‘ilishi va madaniyatlararo aloqalarning o‘rnatilishi haqidagi noyob hikoyalardir.
Mijozlarning sayohati kutilmaganda haqiqiy sinovga aylangan holatlar bo‘lganmi?
Ha, eng esda qolarli voqealardan biri asal oyini o‘tkazish uchun Mavrikiy oroliga ketgan yosh kelin-kuyovlar bilan bog‘liq. Sayohat o‘n kun davom etishi kerak edi... biroq pandemiya hamma rejalarni o‘zgartirib yubordi. Ular mart oyidan avgustgacha orolda qolib ketishdi. Avvaliga bizning vazifamiz mehmonxonada qolish muddatini uzaytirish edi, keyinchalik hamma joy yopila boshlagach, sayyohlar uchun noma’lum muddatga ijaraga uy topishga to‘g‘ri keldi. Bu juda qiyin edi, lekin hikoya ajoyib yakun topdi: juftlik uyga qaytgach, biz xushxabarni eshitdik — ular tez orada ota-ona bo‘lishar ekan.
VIP-sayyohlar bilan ishlashning eng qiyin jihati nimada?
VIP-mijozlar bilan ishlash — bu eng mayda tafsilotlargacha e’tiborli bo‘lish degani. Bunda mijozning talabi shunchaki injiqlik emas, balki ommaviy oqimdan farq qiluvchi individual yondashuvga bo‘lgan ehtiyojdir. Har qanday VIP-turning muvaffaqiyati mijoz bilan o‘zaro tushunishga erishish va uning istaklarini hayotga tatbiq etishdadir. Hatto eng kichik detal ham buyurtmachining kayfiyatiga ta’sir qilishi mumkinligini doimo yodda tutish lozim. Masalan, doimiy mijozlarimizdan biri xonadagi oq shippaklarni mutlaqo yoqtirmaydi va ma’lum bir turdagi yostiqlarni afzal ko‘radi. Bunday jihatlarni mehmonxonani band qilish paytida mijoz eslatishidan avval kiritib qo‘yish shart. Yoki yana bir holat: Amerikalik mijozimiz tungi soat ikkida menga qo‘ng‘iroq qilib, unga shoshilinch ravishda dazmol kerakligini aytdi. U qabulxonaga (retsepshen) murojaat qilmagan, mehmonxonaga yozmagan — shunchaki menga qo‘ng‘iroq qilgan, chunki u barcha masalalarni Concierge Travel hal qilishiga o‘rganib qolgan. Bizning vazifamiz — ko‘rinmas yordamchi bo‘lish va mayda-chuyda narsalar qimmatli hordiqning bir daqiqasini ham buzishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Pandemiyadan keyin sayyohlik kompaniyalari ishi qanday o‘zgardi? Concierge Travel yangi voqelikka qanday moslashdi?
Pandemiya bozorni tubdan o‘zgartirdi. Biz shuni angladikki, endi shunchaki sayyohlik agentligi emas, balki har qanday vaziyatda mijoz uchun ishonchli tayanch bo‘lishimiz kerak. Ilgari turning muvaffaqiyati taassurotlar soni bilan o‘lchangan bo‘lsa, hozirgi notinch vaqtda u xavfsizlik darajasi bilan o‘lchanmoqda. Pandemiya davrida biz moslashuvchan shartlarga o‘tishni — xizmatlar uchun pulni qaytarish, chipta va mehmonxonalarni qayta band qilish, 24/7 rejimida qo‘llab-quvvatlashni tezda o‘rgandik. Yangi formatlar paydo bo‘ldi: kichik guruhlar uchun xususiy turlar, avtobuslar o‘rniga avtomobillarda sayohat qilish, sug‘urta polislari va servislariga alohida e’tibor qaratish.
Sizni ishda qanday shaxsiy qiziqishlaringiz ilhomlantiradi? Bilishimcha, siz mualliflik qo‘g‘irchoqlarini yig‘ish bilan shug‘ullanar ekansiz...
Kolleksiyam tasodifan shakllangan — hammasi dunyoning turli burchaklaridan minnatdor sayyohlar olib kelgan kichik suvenirlardan boshlangan. Vaqt o‘tishi bilan bunday qo‘g‘irchoqlar soni yuztaga yetdi, ularning har biri o‘z xarakteri, tarixi va o‘ziga xos ruhiga ega. Mualliflik qo‘g‘irchoqlari san’atiga chuqurroq kirib borganim sari, taniqli ustalar tomonidan yuksak badiiy mahorat bilan yaratilgan salobatli va ifodali asarlarni yig‘ishni boshladim. 30-may va 1-iyun kunlari Hamar galereyasida o‘tkaziladigan kolleksion qo‘g‘irchoqlar va mualliflik o‘yinchoqlari festivalida kolleksiyamning bir qismi bilan tanishish mumkin. Bu o‘ziga xos ilk sinov qadamidir. Kuzda esa doimiy ekspozitsiya ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda iste’dodli ustalar yaratgan autentik obrazlar alohida o‘rin egallaydi. Ishonchim komilki, bunday galereya ham sayyohlar, ham san’atga oshno bo‘lishni istovchilar uchun yana bir joziba maskaniga aylanadi.
Natalya, bugungi kunda nimalarni orzu qilasiz? Concierge Travel uchun qanday yangi marralarni zabt etmoqchisiz?
O‘zbekistonni butun dunyo sayyohlari orzu qiladigan mamlakatga aylantirishga intilaman. O‘zbekiston — bu nafaqat me’morchilik, balki ijobiy his-tuyg‘ular, odamlarning yorqin tabassumi, bozorlar hidi va hunarmandchilik ustaxonalarining tovushidir. Biz doimiy ravishda yangi mualliflik marshrutlari: gastronomik turlar, art-sayohatlar, sayyohlar mahalliy oilalarda yashab, qadimiy retseptlar asosida palov tayyorlashni, gilam to‘qishni yoki o‘z qo‘llari bilan kulolchilik buyumlarini yaratishni o‘rganishi mumkin bo‘lgan kichik qishloqlarga turlar ustida ishlayapmiz.
Turizm sohasidagi yosh tadbirkorlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz? Tajribangizdan kelib chiqib, qaysi saboqlarni eng qimmatli deb hisoblaysiz?
Eng muhimi — mijozni, hatto u nima xohlayotganini o‘zi bilmagan paytda ham yaxshi ko‘rishdir. Uning istaklarini eshitishni, ko‘rishni va his qilishni o‘rganing. Shuni yodda tutingki, hatto eng oddiy so‘rov ortida ham unutilmas hikoya yaratish imkoniyati yashirin bo‘ladi. Asosiysi — o‘z ishingizga qalb qo‘shishdir.












