Doktor Vaisov: Orzudan jahon miqyosigacha

Go'zallik bo'yicha hamkor: U Beauty Space
Operatsiyasiz yoshartirish bo‘yicha xalqaro ekspert, dunyoning yetakchi lazer tibbiyoti va dermatologiya assotsiatsiyalari a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, dotsent Iskandar Adhamjanovich Vaisov O‘zbekistonda lazer texnologiyalari rivojlanishiga tamal toshi qo‘ygan mutaxassislardan biri hisoblanadi. Mazkur intervyuda fe’l-atvor, kasbiy mahorat, go‘zallik va vatanparvarlik haqida so‘z boradi.
Sizda kamdan-kam uchraydigan xotirjamlik va ichki intizom seziladi. Bu tabiatdanmi yoki kasbiy faoliyat insonni shunday shakllantiradimi?
Fe’l-atvorimga ko‘ra, doim nimanidir oxiriga yetkazmagandek tuyulardi, shuning uchun har bir ishni nihoyasiga yetkazishga odatlandim. Haqiqiy xotirjamlik esa tonggi marosimlar bilan birga keldi. Hozir tonggi soat beshda uyg‘onaman va vaqtimni sukunatda o‘tkazaman — bu mening shaxsiy meditatsiyam bo‘lib, butun kun davomida menga kuch va zehn ravshanligini bag‘ishlaydi.
"Men aynan o‘z o‘rnimdaman" degan tuyg‘uni ilk bor qachon his qilgansiz?
Xorijda malaka oshirayotganimda zamonaviy lazer dermatologiyasi klinikalari qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rdim va menda ana shunday darajani Toshkentda, O‘zbekistonda joriy qilish orzusi tug‘ildi. O‘z klinikamni ochib, niyatlarimni amalga oshira olganimda, nihoyat o‘z o‘rnimda ekanligimni angladim.
Siz shifokorlar oilasida voyaga yetgansiz. Bu hayotingizga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Ham onam, ham otam — shifokor bo‘lishgani uchun tibbiyot muhiti meni bolaligimdan o‘rab olgan. Otam meni tez-tez ishxonalariga olib borardilar, onam bilan majlislarda bo‘lardim, uyda esa qalin tibbiy kitoblar orasida yashardim. Uchinchi sinfda "Kim bo‘lmoqchiman?" mavzusidagi inshoda: "Shifokor bo‘laman va buzyriklarni (toshmalarni) davolayman", deb yozganman. O‘sha insho hamon onamda saqlanadi. Bularning barchasi ongimda shakllanib bordi va yakunda meni tibbiyotga yetakladi.
Boshqa yo‘nalishdan ketmoqchi bo‘lgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?
To‘qsoninchi yillarda shifokorlik istiqbolli kasb bo‘lib ko‘rinmasdi: maoshlar juda kam edi. Do‘stlarim huquqshunoslik va iqtisodiyot yo‘nalishlariga hujjat topshirishardi, men esa o‘zimni biznesda ko‘rardim. O‘ninchi sinfdaligimda do‘stim bilan Oloy bozorida kichik rasta ochib, ichimliklar sotardik. Ammo otamning qistovi bilan tibbiyot institutiga kirdim. O‘qishga kirganimdan keyin ham "Uzdunrobita" kompaniyasida ishladim — avval ma’lumotlar bo‘limida mutaxassis bo‘lib, keyin ijara bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari darajasiga ko‘tarildim. Tub burilish to‘rtinchi kursda yuz berdi. Umumiy jarrohlik bo‘limida tungi navbatchiliklarda qola boshlaganimda va operatsiyalarda assistentlik qilishga ruxsat berishganida, jarrohlar menda iqtidor va yaxshi istiqbol borligini ta’kidlashdi. Aynan o‘shanda tibbiyotga chinakamiga qiziqishim uyg‘ondi.
Ilk apparatingiz haqida gapirib bersangiz. O‘zbekistonda lazer tibbiyoti tarixi nimadan boshlangan edi?
O‘zbekistonda lazer tibbiyoti sovet davridayoq Vohidov nomidagi jarrohlik markazida boshlangan. Keyinchalik otamning do‘sti, respublikada yagona Germaniyada ishlab chiqarilgan Dermablade erbiy lazeriga ega bo‘lgan professor Eduard Grigoryevich Kimning ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tinglardim. O‘shanda bunday apparat biz uchun deyarli imkonsizdek tuyulardi. 2005-yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaganimdan so‘ng, otam meni Moskvadagi lazer tibbiyoti markaziga o‘qishga yubordilar. Aynan o‘sha yerda eronlik shifokorning ishini kuzatib, bu sohaga mehrim tushdi. Toshkentga qaytganimda, otam menga neoplazmalarni olib tashlash uchun mo‘ljallangan birinchi Xitoy CO₂ lazerini sotib olib berdilar. 2012-yilda esa eng muhim qadamni tashladim — klinika binosini garovga qo‘yib, yirik kredit evaziga 250 ming dollarlik Amerika Sciton Joule apparatini sotib oldim. Ko‘pchilik meni bu tavakkaldan qaytarmoqchi bo‘ldi. Ammo Amerikalik ustozim: "Agar Markaziy Osiyoda hali bunday apparat bo‘lmasa, sotib ol — afsuslanmaysan", dedilar. Men tavakkal qildim va haq bo‘lib chiqdim. Bu apparat hozirgacha benuqson ishlamoqda. Lazerli estetik dermatologiya sohasidagi haqiqiy tarixim aynan shu qurilmadan boshlangan. Bugungi kunda shifokorlar uchun kitoblar yozmoqdaman, mutaxassislarni o‘qityapman va buni O‘zbekistonda soha rivojiga qo‘shgan asosiy hissam deb bilaman.
Teri holati — ichki salomatlik ko‘zgusidir, shuning uchun men alomatlar bilan emas, balki ularni keltirib chiqaruvchi sabablar bilan kurashish kerakligiga ishonaman.
Mutaxassis sifatidagi asosiy farqingiz nimada?
Men kosmetolog emasman, bu so‘z menga begona. Men estetik dermatologiya bilan shug‘ullanaman — bu ilmiy yondashuvdir. Teri holati — ichki salomatlik ko‘zgusidir, shuning uchun men alomatlar bilan emas, balki ularni keltirib chiqaruvchi sabablar bilan kurashish kerakligiga ishonaman. Bundan tashqari, lazerlar bilan ishlashda nur fizikasiga chuqur kirib boraman. Bu har bir apparatning ta’sir mexanizmini aniq tushunishga va ularni maksimal darajada samarali sozlashga yordam beradi.
Hozirgi vaqtda estetika industriyasidagi eng xavfli narsa nima?
Oqibatlarni o‘ylamasdan tezkor natija ortidan quvish. Fillarlardan ommaviy foydalanish (ayniqsa yuzning pastki qismida), to‘qimalar fibrozini keltirib chiqaradigan lifting iplari, shuningdek, jiddiy ilmiy asosga ega bo‘lmagan preparat va moddalar eng xavflisidir.
Odamlar "tez va oson" natijani xohlashadi. Bu shunchaki xomxayolmi?
Afsuski, shunday. Nimanidir tezda o‘zgartirish mumkin, lekin bu deyarli har doim kelajakda salbiy oqibatlarga olib keladi. Haqiqiy go‘zal va sog‘lom teri vaqtni, tizimli yondashuvni va professionallikni talab qiladi. Estetikadagi tezkor yechimlar deyarli har doim illyuziyadir.
Bemorlarga rad javobini bergan paytlaringiz bo‘ladimi?
Ba’zan bo‘lib turadi. Masalan, yosh qiz modelning suratini ko‘rsatib, xuddi shunday lab shaklini so‘rab keladi. Ammo uning yuz tuzilishi butunlay boshqacha. Men bu mutanosiblikni buzishini tushuntiraman va rad etaman. Shuningdek, qarshi ko‘rsatmalari bor va o‘ta yuqori talablar qo‘yadigan bemorlarni qabul qilmayman. Men uchun shunchaki pul ishlashdan ko‘ra, sifatli natija olish muhimroq. Hamma narsa uyg‘un bo‘lishi kerak.
Natijaning necha foizi apparatga va necha foizi turmush tarziga bog‘liq?
Muammoga qarab, apparat 30 dan 70 foizgacha natija berishi mumkin. U aniq yo‘nalishda yaxshi ishlaydi — masalan, tomirlarni yoki pigmentatsiyani yo‘qotadi. Ammo to‘g‘ri turmush tarzi va parvarish bo‘lmasa, natija tezda yo‘qoladi. Shuning uchun doim kompleks yondashuv kerak: apparat muolajasi, quyoshdan himoyalanish, shifokor tavsiyalariga amal qilish va sog‘lom turmush tarzi. Faqat shundagina effekt uzoq saqlanadi.
Siz juda ko‘p ayollar bilan ishlaysiz. Oxirgi 10 yil ichida ular qanchalik o‘zgardi?
O‘zgarishlar juda yaqqol, ayniqsa ijobiy tomonga. Zamonaviy o‘zbek ayollari tabiiy go‘zallikni ko‘proq qadrlay boshladilar. Ular endi yuz qiyofasini avvalgidek keskin o‘zgartirishni xohlashmaydi. Asosiy maqsad — hech kim sezmaydigan darajada tetik, dam olgan va parvarishlangan ko‘rinishga ega bo‘lishdir. Yaqinlari: "Shunchalik yaxshi ko‘rinyapsanki, go‘yo kurortdan kelgandeksan", deb aytishlari eng yaxshi iltifotga aylangan. Hozir hamma aynan shunga intilmoqda.
Erkaklar-chi?
Hozir erkaklar ham o‘zlariga ko‘proq e’tibor berishmoqda: terini parvarish qilishadi, epilyatsiya qildirishadi. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirishadi va to‘lov masalasiga sodda qarashadi: muammoni hal qilish kerak bo‘lsa — savdolashib o‘tirmaydilar, cho‘zmaydilar. Natijaga yo‘naltirilgan erkak bemor bilan ishlash juda qulay. Taniqli va jiddiy insonlar muolajaning imkon qadar nozik, og‘riqsiz va ertasi kuni yuzda hech qanday asorat qoldirmasligini istashadi.(RASM 04)
Insonning ichi salbiy hislar va kibrga to‘la bo‘lsa, hech qanday tashqi ko‘rinish uni qutqara olmaydi. Ichki uyg‘unliksiz go‘zallik mavjud emas.
Bugungi kunda haqiqiy go‘zallikni nimada deb bilasiz?
Bu uyg‘unlikdir. Tashqi ko‘rinish ichki dunyo bilan hamohang bo‘lishi kerak. Inson oddiy kiyimda bo‘lishi mumkin, lekin uning ichi nurafshon bo‘lsa, u go‘zaldir. Insonning ichi salbiy hislar va kibrga to‘la bo‘lsa, hech qanday tashqi ko‘rinish uni qutqara olmaydi. Ichki uyg‘unliksiz go‘zallik mavjud emas.
Turmush o‘rtog‘ingiz ham shifokor. Bu ittifoqingizni mustahkamlaydimi yoki aksincha?
Bu shubhasiz ittifoqimizni mustahkamlaydi. Biz bir jamoada ishlaymiz, lekin har kimning o‘z yo‘nalishi bor. Turmush o‘rtog‘im organizmni ichki yoshartirish bilan shug‘ullanadi — kasalliklarga genetik moyillikni o‘rganadi, yetishmovchiliklarni to‘g‘rilaydi va shaxsiy bioxaking protokollarini tuzadi. Men esa qarishning tashqi belgilari bilan ishlayman. Bunday yondashuv bir-birimizni to‘ldirishga imkon beradi va bu bemorlar uchun kutilgan natijani beradi.
Farzandlaringiz ham shu yo‘ldan borishini xohlarmidingiz yoki ularga tanlov erkinligini berasizmi?
Farzandlarimga kasb tanlashda to‘liq erkinlik beraman. Lekin kimdir mening ishimni davom ettirishini juda xohlardim. Katta o‘g‘lim Nyu-York universitetida o‘qiydi, u fizika, matematika va dasturlashga qiziqadi. Kichik o‘g‘lim va katta qizim esa shifokor bo‘lishni istashadi, bundan juda xursandman. Ular uchun namuna bo‘lishga va yaxshi shifokor bo‘lish, sevimli ish bilan shug‘ullanish naqadar qiziqarli ekanligini ko‘rsatishga harakat qilaman.
Siz xorijda — Yaqin Sharqda klinika ochyapsiz. Nima uchun aynan hozir va aynan shu bozor tanlandi?
Yaqin Sharq mamlakatlaridan birida bo‘lib, bu bizning bozor ekanini qalbim bilan his qildim. U yerda yuqori toifali (premium) estetik tibbiyotga ehtiyoj juda katta, ayollar va erkaklar orasida go‘zallik kulti nihoyatda kuchli. Shu bilan birga, ko‘pchilikda teri muammolari bor, ammo sport va sog‘lom turmush tarzi madaniyati deyarli shakllanmagan. Aynan shuning uchun biz o‘z yondashuvimiz va sifatimiz bilan u yerda munosib o‘rin egallashimizga ishonamiz. Hozirda Toshkentda anti-age yo‘nalishiga ixtisoslashgan yangi yirik klinika barpo etyapmiz. Avval bu yerda kuchli tizimni shakllantirib, so‘ng ushbu tajriba va standartlarni Yaqin Sharqqa olib chiqmoqchimiz.
Sizga, shubhasiz, xorijda ishlash bo‘yicha takliflar tushgan. Nima uchun aynan Toshkentda qolgansiz?
Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston va Yevropadan ko‘p bor takliflar tushgan. Ammo men har doim rad javobini berganman. Mening bir orzum bor edi — O‘zbekistonda shunday yuqori darajadagi klinika yaratishki, boshqa davlatlardan bizga kelishsin. Bu vatanga bo‘lgan muhabbatdir. Buning ustiga, men o‘z ildizlarimga qattiq bog‘langanman — xorijda uzoq qola olmayman, bir hafta o‘tmay uyimni va palovni sog‘ina boshlayman.
O‘zingiz qarishdan qo‘rqasizmi?
Yo‘q. Ilgari menga 50 yosh qarilikdek tuyulardi. Hozir yoshim ellikka yaqinlashib qoldi, lekin o‘zimni 36–38 yoshda his qilaman. Qarish meni qo‘rqitmaydi. Keksalikda hayotga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotmaslikni, rafiqam bilan sayohat qilib, qo‘l ushlashib yurishni istayman. Eng muhimi — ichingizda ezgulik, nur va xotirjamlik bo‘lsin. Shunda hatto 90 yoshda ham insonning yuzi go‘zal bo‘ladi.
Siz har kuni yosh bilan bog‘liq muammolar ustida ishlaysiz. Qarishni eng tezlashtiruvchi omillar nima?
To‘rtta narsa: kashandalik, spirtli ichimliklar, surunkali stress va quyoshdan himoyalanmaslik. Tamaki va alkogol — bular eng kuchli ikki kashandadir. Agar inson chekishda davom etsa va tez-tez ichib tursa, hech qanday muolaja yoshlikni va teri sifatini saqlab qolishga yordam bermaydi.
Sizningcha, estetika qayerda to‘xtashi kerak? Chegara bormi?
Estetika kutilgan natijani bera olmaydigan nuqtada to‘xtashi kerak. Masalan, agar 60 yoshdan oshgan, yuz to‘qimalari kuchli osilib qolgan ayol kelsa, men ochiq aytaman: bu yerda kosmetologiya yordam berolmaydi, yaxshisi plastik jarrohga murojaat qiling. Kosmetologiya teri sifatini qo‘llab-quvvatlay oladi, ammo yaqqol ifodalangan ptozni tubdan hal qilishga qodir emas. Bunday holatlarda men foydasiz muolajalar qilishdan ko‘ra, doimo halollik tarafdoriman.
Sizningcha, bugungi kunda estetik tibbiyot shifokori ishining asl ma’nosi nimada?
Shunchaki odamlarni go‘zalroq qilish emas, balki insonga o‘ziga bo‘lgan ishonchni va hayot quvonchini qaytarishdir. Har kuni yangi texnologiyalar paydo bo‘layotgan hozirgi zamonda, shifokor tinimsiz o‘qishi va davr bilan hamnafas qadam tashlashi lozim. Faqat shunda bemorlarga zamonaviy, xavfsiz va haqiqatan ham sifatli natija taqdim etish mumkin.












